Zamonaviy texnologiyalar – sifatli ta’lim omili
Prezidentimiz rahnamoligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini izchil rivojlantirish, uning me’yoriy-huquqiy bazasini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar ta’lim tizimi sifati va samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini izchil rivojlantirish, uning me’yoriy-huquqiy bazasini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar ta’lim tizimi sifati va samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
– Umumta’lim maktablarining komputer, multimedia va boshqa zamonaviy elektron vositalar bilan ta’minlanishi yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulla To‘raboyev. – Hozirga qadar viloyatdagi 856 umumta’lim maktabining 756 tasi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan to‘liq jihozlangan. Sakkiz yuzga yaqini “ZiyoNET” tarmog‘iga ulangan. Qolgan ta’lim muassasalarini ham mazkur lokal tarmoqqa ulash, axborot-resurs markazlarini elektron darsliklar bilan boyitib borish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Maktablarda komputer, videoproyektor, elektron doska, televizor, DVD, audiomagnitofon, lingafon kabi zamonaviy jihozlardan foydalanilgan holda interaktiv usulda o‘tilayotgan dars mashg‘ulotlari o‘quvchilarning qiziqishini kuchaytirib, fanni yanada chuqurroq o‘zlashtirishiga yordam berayotir.
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ta’lim muassasalarini malakali kadrlar, xorijiy tillar xonalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya va o‘qitishning texnik vositalari, zarur anjomlar bilan ta’minlashga e’tibor yanada kuchaytirildi. Shunga muvofiq, ta’lim maskanlarida birinchi sinfdan boshlab chet tili darslarini tashkil etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish samaradorligi oshirilmoqda. Buning uchun o‘quv rejasi va darsliklarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, ingliz, nemis va fransuz tillari bo‘yicha tajriba-sinov muassasalari tashkil etildi. Yetuk malakali rahbar va ekspertlar, tajriba o‘tkazuvchi o‘qituvchilar tayinlandi. Umumta’lim maktablari o‘quv-metodik adabiyotlar, chet tillar bo‘yicha lingafon xonalari, elektron darsliklar bilan ta’minlandi.
Termiz tumanidagi 4-umumta’lim maktabi o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatishda zarur sharoitlarga ega zamonaviy muassasalardan biri. Pedagoglar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda fan sirlarini qunt bilan o‘rgatayotir. Yosh o‘qituvchi Azamat Xo‘jaqov ulardan biri. Izlanuvchan yosh pedagog joriy yilda “Xalq ta’limi tizimidagi eng yaxshi veb-saytlar – 2015” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida “Eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti” yo‘nalashi bo‘yicha http://azamat.uz rasmiy veb sayti bilan birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bu yutuq uni yanada ko‘proq izlanishga, elektron vositalar yordamida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga undadi.
– O‘quvchilarga ingliz tilini puxta o‘rgatishda zamonaviy multimedia resurslarining alohida o‘rni bor, – deydi A.Xo‘jaqov. – Ular audiomagnitofon, DVD, televizor kabi texnik vositalar yordamida xorijiy tilni tez, oson va samarali o‘zlashtiradi.
Tahillarga ko‘ra, viloyatdagi umumta’lim muassasalarida informatika fanidan saboq berishning keng joriy etilgani o‘g‘il-qizlarning sohaga qiziqish va intilishini kuchaytirib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2012-yili o‘quvchilarning informatika fanini o‘zlashtirish darajasi 60,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2015 o‘quv yilida 75,6 foizga yetgani kuzatildi.
Mamlakatimiz umumta’lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari o‘rtasida “Eng yaxshi elektron axborot-ta’lim resurslari” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilayotgani ularning sohaga qiziqishini yanada oshirmoqda. Joriy yilda o‘tkazilgan mazkur tanlovning quyi bosqichlarida informatika fani o‘qituvchilari va iqtidorli o‘quvchilarning o‘z bilim va salohiyatini keng namoyon etgani bunga yaqqol misoldir. Mazkur ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida ayniqsa, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Denov, Jarqo‘rg‘on, Termiz, Qiziriq, Sariosiyo va Oltinsoy tumanlari vakillari salmoqli natijalarga erishdi. O‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichida Sho‘rchi tumanidagi 29-umumta’lim maktabining informatika fani o‘qituvchisi Yunus Eshdavlatov “HTML dasturlash tili” mavzusidagi elektron-axborot ta’lim resursi bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz miqyosida ham muvaffaqiyatli qatnashdi. O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur tanlovning mamlakat bosqichida Qumqo‘rg‘on tumanidagi 11-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati 9-sinf o‘quvchisi O‘rol Jumayevning “Paskal tili” mavzusidagi elektron-axborot ta’lim resursi g‘olib deb topildi.
Zamonaviy jihozlangan ushbu 11-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati uch yuz o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, matematika va ingliz tili fanlarini o‘qitishga ixtisoslashgan.
– Ta’lim muassasamizda o‘quvchilarga zamonaviy elektron vositalar yordamida dars o‘tilayotgani salohiyatli yosh avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi 11-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori Erkin Bobomurodov. – Bu zamonaviy komputer texnologiyalaridan to‘g‘ri maqsadda foydalanish hamda darslarni yaxshi o‘zlashtirishga ko‘maklashmoqda. Chunki, darslarga oid ma’lumotlarni internetdan izlab topish juda oson va qulay. Shu maqsadda o‘quvchilarimiz maktabimizdagi “ZiyoNet” tarmog‘i xizmatidan foydalanayotganini ko‘rib, quvonib ketaman. Ularning akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini muvaffaqiyatli bitirib, mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirayotganidan faxrlanaman.