Koreya texnologiyalari O‘zbekistonda qanday loyihalarni amalga oshiradi?
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Koreyaning «KT» kompaniyasi sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya yo‘nalishi bo‘yicha katta vitse-prezidenti Chon Son Rok bilan uchrashib, texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralarda, avvalo, O‘zbekistonda sun’iy intellekt uchun zarur hisoblash quvvatlarini yaratish masalasiga e’tibor qaratildi. Xususan, «KT» ishtirokida mamlakatimizda sun’iy intellektga ixtisoslashgan ma’lumotlar markazlarini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Buning ahamiyati shundaki, sun’iy intellektga asoslangan yangi xizmatlar qanchalik ko‘paysa, ularni ishlatish uchun shunchalik katta hisoblash quvvati talab etiladi. Shu bois zamonaviy infratuzilma yaratish sohaning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston startaplari uchun ham yangi imkoniyatlar muhokama qilindi. Jumladan, mahalliy startaplarni Koreya texnologik ekotizimi bilan bog‘lash va ularning xalqaro bozorga chiqishiga yordam berishi mumkin bo‘lgan «KT K-PATH» korporativ akseleratsiya dasturida ishtirok etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, «KT»ning O‘zbekistonda raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi bo‘linmasini ochish, mamlakatimizdan turib Koreyadagi mijozlarga texnologik xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniyaning hamkor IT-kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish va ular uchun mahalliy ofislar ochish masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Yana bir muhim yo‘nalish — ilmiy tadqiqotlar. Tomonlar O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasida qo‘shma tadqiqot va ishlanmalarni amalga oshirish, ya’ni yangi texnologiyalarni birgalikda yaratish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida ilgari surilgan tashabbuslarni yanada ishlab chiqish va har bir yo‘nalish bo‘yicha amaliy hamkorlik mexanizmlarini belgilashga kelishib olindi. Shuningdek, «East Telecom» bilan hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma texnologik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ikkita anglashuv memorandumi imzolandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA