Zamonaviy geologiya: texnologiyalar, resurslar va hamkorlik (+video)
Toshkentda geologiya va geofizika sohasida zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 14-16-sentabr kunlari o‘tkazilgan anjuman O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi ko‘magida hamda Xalqaro geofiziklar jamiyati (SEG) tomonidan tashkil etildi. Unda 26 mamlakatdan 70 dan ortiq tashkilot vakillari ishtirok etdi.
“Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya orqali geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish” mavzusidagi konferensiyada foydali qazilmalarni izlash va qidirishda zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda xalqaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Anjuman doirasida geologiya-qidiruv ishlarida sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlardan foydalanish, zamonaviy geofizik tadqiqotlar, geologik modellashtirish, kritik va strategik minerallarni o‘zlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, istiqbolli mineral resurslarni o‘zlashtirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish, geologiya tarmog‘ini raqamlashtirish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va ESG tamoyillarini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajriba almashildi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Nafisa Do‘labovaning ta’kidlashicha, konferensiya geologiya-qidiruv ishlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish va O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega.
– Anjumanning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning strategik resurslar va tabiiy zaxiralar borasidagi salohiyatini xalqaro hamjamiyatga keng namoyon etish uchun muhim imkoniyat yaratdi. Konferensiyaning amaliy ahamiyatini oshirayotgan jihatlardan biri - xalqaro hamkorlik doirasida yangi loyihalar va kelishuvlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatidir.
Tadbir doirasida bir qator strategik xorijiy kompaniyalar bilan istiqbolli hamkorlik kelishuvlarini imzolandi. Bu esa geologiya-qidiruv ishlarini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish va sohada xalqaro aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Unda Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika davlatlarining yirik tog‘-kon sanoati kompaniyalari vakillari ham anjumanda qatnashib, o‘z texnologiya va yechimlarini namoyish etdi. Ishtirokchilar uchun maxsus ko‘rgazmalar ham tashkil etildi. Shu bilan birga, konferensiya doirasida AQSHning “Colorado Mining School” tashkiloti bilan hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bundan tashqari, “Oxus Metals” va Germaniyaning “Excalibur” kompaniyalari bilan ham aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirdagi bunday xalqaro ishtirok va hamkorliklar O‘zbekistonning geologiya va tog‘-kon sanoatida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xorijiy tajribani o‘rganish hamda sohaning investitsiyaviy salohiyatini yanada oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi N.Do‘labova.
Mutaxassislar ishtirokidagi muhokamalarda zamonaviy texnologiyalarni geologiya sohasiga keng joriy etish nafaqat qidiruv ishlarining samaradorligini oshirishi, balki mavjud resurslar haqidagi ma’lumotlarni chuqur tahlil qilish va istiqbolli konlarni aniqlash imkoniyatlarini ham kengaytirishi ta’kidlandi.
Shu jihatdan, konferensiyada ko‘tarilgan masalalar O‘zbekistonda geologiya va tog‘-kon sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohang. So‘nggi yillarda sohada yer qa’ridan foydalanish tizimi takomillashtirilib, investitsiyalarni jalb etishning zamonaviy mexanizmlari joriy etilmoqda. Geologik ma’lumotlar bilan ishlash va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistondagi ushbu o‘zgarishlar xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislarining ham e’tiborida. Xalqaro geofiziklar jamiyati (SEG) prezidenti Rokki Detomoning so‘zlariga ko‘ra, “GEOMIN-2026” konferensiyasining ikkinchi bor o‘tkazilayotgani kritik va strategik minerallardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
– Kritik va strategik minerallarga ega bo‘lish hamda ulardan foydalanish imkoniyati bugun dunyo mamlakatlari uchun tobora muhim strategik omilga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, konferensiyaning O‘zbekistonda o‘tkazilgani ayni muddao. Mamlakat sanoat, kritik minerallar, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va investitsiyalarni rag‘batlantirish masalalariga yondashuvi bilan ilg‘or fikrlayotgan davlatlardan biri. Bu yerda tajriba almashish va yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud.
Texnologiya yetkazib beruvchilar, akademik doiralar, sanoat vakillari, davlat tashkilotlari hamda geologik tadqiqotlar sohasi mutaxassislarining bir maydonda jamlanishi juda muhim. Turli mamlakatlar vakillari o‘zaro tajriba almashib, bir-biridan o‘rganishi sohada yangi yechimlarni ishlab chiqish va jarayonlarni yanada samarali tashkil etishga yordam beradi. SEG sifatida biz butun dunyo bo‘ylab 14 mingga yaqin geolog va geofizik mutaxassislarni birlashtiramiz. Shu bois bunday xalqaro uchrashuvlarni tashkil etish biz uchun ham amaliy ahamiyatga ega.
O‘zbekiston boy mineral resurslar bazasiga ega va bu yo‘nalishda katta imkoniyatlar mavjud. Hukumat ushbu salohiyatni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish borasida muhim ishlarni amalga oshirmoqda. Ayni paytda dunyoning turli hududlarida yangi texnologiyalar, innovatsion g‘oyalar va ishlashning zamonaviy usullari paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun barcha yechimlarni noldan boshlash shart emas. Boshqa mamlakatlar va kompaniyalar amaliyotda sinab ko‘rgan texnologiya va yondashuvlarni o‘rganish asosida sohani yanada samarali rivojlantirish mumkin.
Nazarimda, mazkur konferensiyaning afzalligi ham shunda. O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida yangi bosqichga qadam qo‘yish, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish uchun zarur imkoniyatlarga ega. Bunday xalqaro muloqot maydonlari mamlakatga mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish va sohani yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi, – dedi Rokki Detomo.
Ta’kidlash joizki, xalqaro anjuman sohadagi ilmiy va amaliy yondashuvlarni bir maydonda jamlab, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalar va yangi yechimlarni muhokama qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XbaqkiLzxEg" title="Zamonaviy geologiya: texnologiyalar, resurslarva hamkorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Nasiba Ziyodullayeva,
Yoqubjon Meliboyev,
Anvarxo‘ja Ahmedov( video+montaj),
O‘zA