“GEOMIN-2026”: geologiya sohasida qanday innovatsion yondashuvlar ilgari surildi?
Bugun Toshkentda “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasining yakuniy tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Geologiya sohasi va tog‘-kon sanoati vakillarini bir maydonga jamlagan mazkur xalqaro anjuman doirasida yangi ilmiy ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalar hamda mineral resurslarni samarali o‘zlashtirish bo‘yicha ilg‘or yechimlar taqdim etilyapti.
Konferensiyaning ikkinchi kunida mutaxassislar e’tibori geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish, geologik ma’lumotlarni qayta ishlash va istiqbolli maydonlarni aniqlashning zamonaviy usullariga qaratildi. Sohada sun’iy intellekt, mashinali o‘qitish va raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, zamonaviy geofizik usullar, aerogeofizik tadqiqotlar va konlarni prognozlashda qo‘llanilayotgan yangi yondashuvlar haqida fikr almashildi. Bu yo‘nalishlardagi ilmiy izlanishlar natijalari va amaliy ishlanmalar konferensiya ishtirokchilariga taqdim etildi.
Kun tartibidan uran, oltin, mis va litiy kabi muhim minerallarni izlash va o‘zlashtirish masalalari ham o‘rin oldi. Bundan tashqari, tabiiy vodorodning istiqbollari hamda texnogen mineral hosilalardan samarali foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Anjumanning muhim muhokamalaridan biri tog‘-kon sanoatining kelajagiga bag‘ishlangan panel sessiyasi bo‘ldi. Unda ESG tamoyillari, ishlab chiqarish jarayonidagi zamonaviy yondashuvlar va global ta’minot zanjirlarida yuz berayotgan o‘zgarishlarning sohaga ta’siri haqida fikr almashildi.

“GEOMIN-2026”da O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va boshqa hududlarda olib borilayotgan geologik tadqiqotlar natijalari ham taqdim etildi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda geologiya sohasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, geologik tadqiqotlarni raqamlashtirish hamda mineral-xom ashyo bazasini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa yer qa’ridan oqilona foydalanish, istiqbolli konlarni aniqlash va mineral resurslarni samarali o‘zlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 17-sentabr kuni konferensiya ishtirokchilari uchun Qalmoqqir koniga tashrif tashkil etiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA