“GEOMIN-2026” oldidan geologiya sohasining yangi imkoniyatlari muhokama qilindi
Ertaga, 14-sentabr kuni Toshkent shahrida “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshlaydi. Bugun mazkur nufuzli tadbir doirasida “Zamonaviy geologiya: siyosat, texnologiyalar, mintaqaviy tadqiqotlar va inson kapitali” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston bilan bir qatorda Fransiya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Qozog‘iston, Misr, Turkiya, AQSH va boshqa davlatlarning geologiya xizmatlari, ilmiy muassasalari hamda sohaviy tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova so‘zga chiqib, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish geologiyani rivojlantirishning muhim omillaridan ekanini ta’kidladi.

Davra suhbatida geologiya sohasining bugungi holati va istiqbollari, ilmiy-tadqiqot ishlarida zamonaviy yondashuvlardan foydalanish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda turli mamlakatlar geologiya xizmatlari o‘rtasida tajriba almashish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, geologik, geofizik va geokimyoviy ma’lumotlarni qayta ishlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, tadqiqot usullarini birlashtirish, uch o‘lchamli modellar va raqamli egizaklarni yaratishning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda to‘plangan geologik materiallarni raqamlashtirish, ularni tizimlashtirish va yagona Milliy geologik ma’lumotlar bazasiga birlashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ma’lumotlarni yagona standartlar asosida shakllantirish, ularning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash va zamonaviy raqamli yechimlarni geologik qidiruv ishlariga tatbiq etish muhim vazifalar sanaladi.

Shu bilan birga, strategik ahamiyatga ega mineral resurslar, ularni tasniflash va hisobot standartlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar geologik ma’lumotlar almashinuvi, milliy geologiya xizmatlari imkoniyatlarini kengaytirish va investitsiyaviy loyihalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.
Tadbirda geologiya sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xalqaro ta’lim va ilmiy-tadqiqot dasturlarini rivojlantirish, yosh mutaxassislarning xorijiy tajribadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim jarayoniga geoinformatika, ma’lumotlar tahlili va uch o‘lchamli modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlarni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Xalqaro davra suhbati yakunida geologiya xizmatlari, ilmiy muassasalar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA