Ramazon oyining fazilatlarini sanab tugatib bo‘lmaydi. Islomning bosh manbai — Qur’oni karim shu oyda nozil bo‘lgan. Ushbu oyda islom tarixida juda ko‘p olamshumul voqealar sodir bo‘lgan. Shu bois butun dunyo musulmonlari ushbu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi.
Ushbu oyni g‘animat bilib, iloji boricha ko‘proq savobli ishlar hamda xayr-saxovat qilish, beva-bechoralar ko‘ngliga xursandchilik ulashish va buning sababidan ko‘plab ajru mukofotlarga sazovor bo‘lishimiz darkor. Ramazon oyida mo‘min-musulmonlar tomonidan ro‘za tutish bilan birga, moli ma’lum darajaga yetgan bo‘lsa, islomning uchinchi rukni – zakot amali ham bajariladi. Bu oyda qilinadigan amallarning savobi boshqa oylarga nisbatan fazilatliroq.
Xo‘sh, zakot kimlarga va qay tartibda beriladi?
Mazkur savol yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev quyidagilarni ma’lum qildi.
Zakot beriladigan 8 ta toifa insonlar bor:
1. Faqir – moli nisobga yetmagan shaxs;
2. Miskin – hech narsasi yo‘q kishi;
3. Zakot yig‘ish ishida band bo‘lganlar;
3. Dillari Islomga oshno qilinuvchi g‘ayri dinlar;
4. Mukotab qullar;
5. Agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan qarzdor kishi;
6. Alloh yo‘lida yurganlar (bunda asosan muhtoj bo‘lib qolgan hojilar tushuniladi);
7. Yo‘lda qolganlar (moli boru o‘zi bilan birga emas);
Yuqorida sanab o‘tilganlardan ikki toifasi: “dillari Islomga oshno qilinuvchilar” va “mukotab qullar” bugungi kunda mavjud bo‘lmaganligi uchun zakot beriladiganlar qatoridan chiqarilgan. Demak, zakot beruvchi zakotini qolgan olti toifaning har biriga yoki ba’zisiga berishda ixtiyorlidir.
Shuningdek, "Muxtasarul-viqoya" kitobida: “Bir kishiga zakotdan bir kunga yetarli, yana o‘zgalardan so‘rashga hojat qoldirmaydigan miqdorda berish mustahabdir”, – deyilgan. Bir kun to‘liq so‘rashdan behojat bo‘lish deganda faqatgina faqirning o‘zi emas balki uning ahli ayolini ham bir kunlik so‘rashdan behojatligi iroda qilingan.
Shu o‘rinda: “Qarzi yo‘q faqirga nisob miqdoricha zakotdan berish makruhdir”, – degan iborani ham eslab o‘tishimiz kerak. Buning misoli: farazan nisob miqdori yigirma million deb belgilangan bo‘lsa-yu chiqaradigan zakoti yigirma millionga yetsa, ana shu summani qarzi yo‘q bir faqirga berishi makruh bo‘ladi. Agar faqirni qarzi bo‘lib, qarzini ado qilgandan qolgan pul nisob miqdoriga yetmasa yoki qarzdan so‘ng hech narsa qolmasa, nisob miqdoricha berish ham joiz bo‘ladi (“Umdatul fiqh” kitobi).
– Zakotni 2 yoki 3 ga bo‘lib bersa bo‘ladimi? Aytaylik, zakot berayotgan kishi hisobidan 1,5 million so‘m ajratildi. Shuni muhtojlardan uch kishiga 500 ming so‘mdan bersa bo‘ladimi?
– Ha, albatta bo‘ladi. Ajratilgan zakotni bir necha kishiga bo‘lib berish joiz. Ammo zakot oz miqdorda bo‘lsa bir sinfga, balki bir shaxsga bergan afzal. Chunki, oz narsani ko‘pchilikka tarqatilganda zakotdan ko‘zlangan asosiy maqsad hosil bo‘lmaydi.
– Zakotning ham qazosi bo‘ladimi? Bo‘lsa qaysi miqdorda beriladi?
– Zakotning ham qazosi bo‘ladi. Bunda berilmagan yillarni taxminan hisoblab ko‘rib nisobga yetgan bo‘lsa qirqdan birini zakot qilib chiqariladi.
– Zakot berishda zakotdan ekanini aytib bergan ma’qulmi yoki bildirmasdan bergan afzalmi?
– Agar zakot oluvchi noto‘g‘ri tushunmasa, aytib bergan afzal. Islom shiorlaridan biri bo‘lgan zakot berishga targ‘ib bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zA muxbiri
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi