Xalqaro anjuman ishtirokchilari Samarqandda
Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan “Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish” mavzusidagi “Termiz muloqoti”ning ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilari Samarqandga tashrif buyurdi.
Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo–Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Amerika davlatlaridan 150 dan ortiq siyosatshunos, ekspert, diplomat, xalqaro tashkilot va biznes doira vakillari qatnashgan anjuman ishtirokchilari Samarqandning muqaddas qadamjolari, betakror tarixiy obidalari bilan tanishdi.
Tashrifning ilk manzili Imom Buxoriy majmuasi bo‘ldi.
[gallery-29840]
- Islom olamining buyuk muhaddisi mangu qo‘nim topgan maskanni ziyorat qilib qalbimiz taskin topdi, - deydi anjuman ishtirokchisi, turkiyalik Murat Aslan. – Bu yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari menda katta taassurot qoldirdi. Tarix, din va madaniyat haqida batafsil ma’lumot beradigan muzey hayratimni oshirdi. Bunday ulug‘ ishlarni amalga oshirgan o‘zbek xalqiga tasannolar aytamiz. Maskanda o‘tkazgan qisqa vaqtimiz davomida dunyoning turli mintaqalaridan kelgan sayyohlarni ko‘rdik. O‘ylaymanki, bunday ulkan ishlar O‘zbekistonni butun dunyoga tanitadi, ularni o‘ziga mudom chorlab qoladi.
“Termiz muloqoti” ishtirokchilari tashrif davomida ko‘hna kentning betakror tarixiy obidalari — Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi, Xo‘ja Doniyor maqbaralarida ham bo‘ldi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari