Bugun sayyohlik nafaqat milliy iqtisodiyot, balki madaniyatlararo muloqot, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Dunyoda sayyohlik iqtisodiyotning neft-gaz sanoati, mashinasozlikdan keyin uchinchi o‘rinda turuvchi ilg‘or sohasiga aylanmoqda. O‘zbekistonda ham xalqaro ziyorat sayyohligi muhitini yaratish, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi sha’nini mustahkamlash maqsadida joriy yilning 9 fevralida “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat sayyohligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi ziyorat sayyohligi yo‘nalishidagi muhim makon hisoblanadi. Yurtimizda islom dini va madaniyatini namoyon etuvchi mingdan ortiq me’morchilik va san’at asarlari, ulug‘ avliyo va mutafakkirlarning ziyoratgohlari va muqaddas qadamjolari mavjud. Ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Toshkent, Marg‘ilon kabi qadimiy shaharlarimiz musulmon olamida ilm-fan, madaniyat va din markazlari sifatida alohida e’tirof etiladi. Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ISESCO) tomonidan 2007 yili Toshkent shahri, 2020 yili Buxoro shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb e’tirof etildi.
Sayyohlik garchi yaqin o‘tmishimizda paydo bo‘lgandek tuyulsa-da, aslida uning tarixi uzoqqa borib taqaladi. Olimlarning taxminicha, sayohat tarixi kamida 12 ming yillik ulkan davrni qamrab oladi. Odamlar qadim-qadimdan boshlab yangi o‘lkalarni kashf etish, muqaddas shaharlarni ziyorat qilish, dunyoni ko‘rish, savdo-sotiqni rivojlantirish, madaniy va elchilik aloqalarini o‘rnatish maqsadida sayohatga chiqqanlar. Savdo karvonlari yo‘llari kesishgan, madaniyatlar va sivilizatsiyalar tutashgan chorrahada joylashgani uchun ko‘hna Turon bu jarayonda muhim o‘rin tutgan.
Maqsadi va shakliga qarab sayyohlikning 200 dan ortiq maxsus turi bo‘lib, ulardan biri ziyorat sayyohligidir. Sayyohlik tadbirkorlari va mutaxassislarida sayohatlar dasturiga diniy markazlar, ziyoratgohlar va muqaddas obidalarni kiritish g‘oyasi tug‘ilishi natijasida XX asrning oxirlarida ziyorat sayyohligi atamasi paydo bo‘lgan. XXI asr boshlaridan boshlab esa javda va keng tarqala boshlagan. Ziyorat sayyohligi keng qamrovli tushuncha hisoblangan diniy sayyohlikning bir qismi, shuningdek, sayyohlik tadqiqotlari orasida kam o‘rganilgan, eng qadimgi va qiziqarli yo‘nalish hisoblanadi.
Raqam va xisobotlarlarga ko‘ra, dunyodagi jahon dinlariga e’tiqod qiluvchilar soni bo‘yicha dastlab xristianlik (33%), islom (19,6%) va buddaviylik (13,4%) dinlari turadi. 2020 yilning ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 24,6% ini (1 907 110 000 kishi) musulmonlar tashkil etgan. Agar dunyo bo‘yicha har yili 300 mln.ga yaqin kishi ziyoratga chiqadigan bo‘lsa, shundan 40 mln.i (15-20%) musulmonlardir. Bundan tashqari 4 ta mamlakat 150 mln.dan ortiq, 4 ta mamlakat 75 mln.dan ortiq, 19 ta mamlakat 10 mln.dan ortiq musulmon aholisiga ega. Jumladan, Indoneziyada 202 mln, Pokistonda 174 mln, Hindistonda 160 mln, Bangladeshda 145 mln musulmon aholi istiqomat qiladi. Yevropaning o‘zida qariyb 40 mln musulmon istiqomat qiladi. Shubhasiz, ular dunyo musulmon mamlakatlari qatorida O‘zbekistonni ham ziyorat qiladilar. AQSHdagi Pew Research Center tadqiqot markazining bashoratiga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyoda musulmonlar 2 761 480 000 (29,7%) kishini tashkil etadi. Bu yirik ziyorat sayyohligi bozori degani. Lekin bugun yuqorida ko‘rsatilgan ziyoratchilarning oqimi yuqori darajada mamlakatimizga burilgan, deya olmaymiz. Зiёрат sayyohligini rivojlantirishni muvofiqlashtirish kengashining faoliyatiнi mazkur ziyoratchilar oqimini oshirish, targ‘ibot ishlari kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Jahon bankining ma’lumotlariga qaraganda, musulmon mamlakatlari jahon sayyohlik bozorining atigi 13% foizini egallagan. Ushbu ulush asosan Turkiya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Misr va Marokash kabi mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Ziyorat sayyohligi, islom sayyohligini yaxshi targ‘ib qila olayotganlar ham aynan Turkiya, Malayziya va Misr davlatlaridir. Mazkur mamlakatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro tajriba almashish yaxshi samara beradi.
Ziyorat sayyohligi sub’ektlarini avvalo musulmonlar tashkil etar ekan, xizmat ko‘rsatishni halol andazalari asosida tashkil etishni talab etadi. Mehmonxonalarda Qur’on kitoblari, qibla yo‘nalishi, joynamozlar, namoz vaqtlari, sovutgichda alkogolsiz ichimliklarning bo‘lishi, qulay yuvinish xonalari, halol taomlar, malakali mutaxassislardan foydalanish belgilangan. Mazkur yo‘nalishda ham izchil chora tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birgina Buxoro viloyatida “Emirs Garden”, “Jondor”, “Shahriston”, “Golubiye kupola”, “Atlas”, “Sharq”, “Rangrez”, “Poykent Bukhara” kabi 10 ga yaqin mehmonxonani halol sertifikatiga kirgizish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Buxoroda O‘zbekistonda yagona "Halol" sinov laboratoriyasi ishga tushirilishi ziyorat sayyohligida halol xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi. Mamlakatimiz 2019 yilda 32 musulmon davlatini jamlagan Islom hamkorligi tashkiloti qoshidagi Musulmon mamlakatlari Standartlashtirish va sertifikatlash instituti (SMIIC)ga a’zoligiga kirgani ham qat’iy islohotlar yo‘lida ekanligimizdan dalolat beradi.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2018 yilda Turkiyadan 4,1299, Pokistondan 5568, Malayziyadan 2768, Erondan 2658, Indoneziyadan 1589, Birlashgan Arab Amirliklaridan 1580 nafar ziyoratchi yurtimizga kelgan. 2020 yilda O‘zbekistonga 1 mln 504 ming sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ularga 261 mln dollarlik xizmat ko‘rsatilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar borligi, bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish choralarini ko‘rish lozimligi ta’kidlangan edi. 2021 yilda 1 mln 700 ming xorijiy sayyoh tashrifini ta’minlash rejalashtirilgan. Ziyoratchilarni muqaddas qadamjolarga jalb etish uchun ziyorat yo‘nalishlarini kengaytirish zarur. Buxoro misolida ko‘radigan bo‘lsak, viloyatda 851 ta madaniy meros ob’ekti ro‘yxatga kiritilgan. Shundan ziyoratchilar borishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar 29 tani tashkil etadi. Yaqinda Buxoro shahri ziyoratgohlari xaritasining yaratilishi, boshqa ziyorat ob’ektlarining aniqlanishi natijasida ularning soni ko‘pligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur ob’ektlarda ham infratuzilma yaxshilanadigan bo‘lsa, ularning sonini 83 taga yetkazish mumkin.
Hech shubha yo‘qki, musulmon dunyosi O‘zbekistonni ulug‘ allomalari, mutafakkirlari va din ulamolari orqali yaxshi taniydi. Imom Buxoriy nomini deyarli har bir musulmon yoddan biladi. Har yili 3000ga yaqin malayziyalik sayyoh mamlakatimizga tashrif buyurmoqda. Malayziyalik ziyoratchilar uchun Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish bosh maqsad ekanligi qayd etilgan.Prezidentimizdan tomonidan “Imom Buxoriy” ziyorat sayyohligi yo‘ldosh телеканалinitashkil etish masalasi farmonda aks etgani katta voqeadir. Telekanal orqali Imom Buxoriyning bebaho merosi indonez, bengal, malay, turk, arab, hind, urdu, pushtu tillarda keng targ‘ib etilishi va xorijiy mamlakatlarda uning muxbirlari faoliyat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Garchand islom dini Arabiston diyorida paydo bo‘lgan bo‘lsa, uning rivojlanish va tarqalishi bizning zaminimizda ro‘y bergan. Abu Hafs Kabir Buxoriy, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Mahmud Zamaxshariy, Muhammad Moturidiy, Kaffol Shoshiy, Najmiddin Kubro, Shayx Sayfiddin Boxarziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi ko‘plab ulug‘ mutafakkirlarimizning buyuk xizmatlari bois muqaddas dinimizning ma’naviy merosi boyib bordi, yuksaldi. Farmonda Imom Moturidiy yodgorlik мажмуасiнi ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofidagi 8 buyuk ulamoning qabrlarini tiklash belgilangan. Samarqand shahrida esa islom dini, mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros ob’ektlarini aks ettiruvchi xiyobon, Buxoro shahrida islom dini tarixi va musulmon olamida mashhur bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi innovatsion muzeyni qurish rejalashtirilgan. Bu kabi xayrli g‘oya va tashabbuslar o‘z oldimizga Uchinchi Renessansni qurishdek buyuk maqsadni amalga oshirishimizda mustahkam zamin bo‘ladi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki ziyorat sayyohligining jadal rivojlanishi uchun mamlakatda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, chegaradan o‘tish va mehmonda bo‘lish paytida ma’muriy va qog‘ozbozlik to‘siqlarining yo‘qligi, jozibador tabiat, iqlim, madaniyat va tarixning mavjudligi, rivojlangan sayyohlik infratuzilmasi va malakali mutaxassislar, yuqori darajadagi xizmat, qulay va xavfsiz transport, harakatlanish erkinligi, ziyoratchilar huquqlarining kafolatlanganligi, ularni ta’minlashdagi xavfsizlik kabi choralar-tadbirlar amalga oshirilishi kerak. Mazkur qaror ayni maqsadlarning huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan 900 yil oldin asos solingan Xojagon-naqshbandiya tariqatida ham “Safar dar vatan” alohida qoida sifatida kiritilgan. Ya’ni Vatanga safar qilish, yurt kezish, sayohatga chiqishga da’vat etilgan.“Yurgan daryo o‘tirgan bo‘yro” deydi dono xalqimiz. Inson hamisha yangi joylarni ko‘rishga oshiqishi, tez-tez ziyoratga chiqib turishi, boshqa hududlarning o‘ziga xosliklari, tarixiy, madaniy, ma’naviy merosidan bahramand bo‘lib turishi kerak.
Shavkat BOBOJONOV,
O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi
Tarix instituti tayanch doktoranti