Yuk tashish xizmati takomillashmoqda
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Xalqaro avtomobilda yuk tashuvchilar uyushmasi (AIRCUZ)ning 2014-yilgi faoliyati yakunlari va istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Xalqaro avtomobilda yuk tashuvchilar uyushmasi (AIRCUZ)ning 2014-yilgi faoliyati yakunlari va istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Avtomobilda xalqaro yuklarni tashish qulay va iqtisodiy jihatdan foydali transport xizmatlaridan biridir. Shu bois mamlakatimizda yuk tashishning ushbu turi jadal rivojlanmoqda.
O‘zbekiston Xalqaro avtomobilda yuk tashuvchilar uyushmasi bosh kotibi M.Dalilov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida transport kommunikatsiyalari va logistika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish, mamlakatimizning jahon bozori bilan faol integratsiyalashuvi, hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilash, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2010-yil 21-dekabrdagi “2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Xalqaro avtomobilda yuk tashuvchilar uyushmasi xalqaro yuk va yo‘lovchi tashishni rivojlantirish, tashkilot a’zolari va xorijiy sheriklar o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashayotir.
Umumiy yig‘ilishda mamlakatimizning avtomobilda xalqaro tashish sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalari manfaatlarini himoya qilish, raqobat uchun sharoit yaratishga doir masalalar muhokama etildi. Transport sohasida hamkorlik qilish uchun ustuvor ahamiyatga ega dastur va loyihalar xususida fikrlar bildirildi. Transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirishga investitsiyani jalb etish, imtiyozli kreditlar ajratish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
– Kompaniyamiz Yevropaga avtomobilda yuk tashish bilan shug‘ullanadi, – deydi “Hadji Akbar” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori X.Murotov. – Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasida avtomobilda xalqaro yuklarni tashish biznesini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.