Yoshlar uchun imkoniyatlar keng
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2016-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturining birinchi chorakdagi ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2016-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturining birinchi chorakdagi ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari B.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodni jismonan baquvvat, ruhan tetik, intellektual salohiyatli, zukko qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati ertamiz egalarining ezgu orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, sog‘lom g‘oya va tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Talabalarning siyosiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Tafakkur sinovlari” respublika tanlovining hududiy bosqichlari o‘tkazildi. O‘zlarining boy tafakkur, chuqur bilimga ega ekanini ko‘rsata olgan jamoalar tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Bu yil ilk bor keng ko‘lamda tashkil etilayotgan talabalar teatr studiyalari festivali yoshlar ma’naviyatini yanada boyitish, badiiy did va salohiyatini yuksaltirish, teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
“Innovatsion g‘oyalar” respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlari ham qizg‘in o‘tmoqda. Hozirgi kunda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida tashkil etilgan ishchi guruhga hududiy bosqichlarda g‘olib topilgan 230 ishlanma taqdim etilgan. Ushbu ishlanmalar ekspert guruhlari tomonidan tahlil qilinadi va yakuniy bosqichga tavsiya etiladi.
Shu yilning mart oyida mamlakatimizning barcha hududida o‘tkazilgan “Ta’lim va mutaxassislik” ko‘rgazmalari oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchi-talabalarini kasbga yo‘naltirish, o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni davom ettirish istagida bo‘lgan yoshlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Tadbirlar davomida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining 5,8 ming bitiruvchisi ishga joylashish bo‘yicha turli korxona va tashkilotlar bilan shartnomalar imzoladi.
Anjumanda Farg‘ona viloyatida oliy o‘quv yurtlari talabalarining “Universiada – 2016” sport musobaqalari mamlakat bosqichini yuqori saviyada o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgani ta’kidlandi.
Mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.