Yoshlar uchun 150 ta kitob
Kitob — inson tafakkurini boyitadigan, dunyoqarashini kengaytiradigan va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan beqiyos ma’naviy manba. Shu bois yurtimizda yosh avlod o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaaga qiziqishni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlarni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda jamoatchilik, deputatlar, tadbirkorlar va faol fuqarolarning tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Bir kunda — 1000 kitob” aksiyasi ham ana shunday ezgu maqsadlarga qaratilgan.
Aksiya doirasida Buxoro shahrida ham yoshlar o‘rtasida kitobxonlik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan xayrli tashabbus amalga oshirildi.

Buxoro shahar Kengashi deputati Nodir Hamdamov hamda faol tadbirkor Shuhrat Ochilov boshchiligida Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Buxoro filialiga 150 ta kitob sovg‘a qilindi.
Mazkur tashabbus, avvalo, ta’lim muassasasi kutubxonasi fondini boyitish bilan birga, o‘quvchilarning badiiy, ilmiy va ma’rifiy adabiyotlarga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi. Zero, bugun yoshlarning kitob bilan do‘stlashishi — ertangi kunning bilimli, mustaqil fikrlaydigan va yuksak intellektual salohiyatga ega avlodini shakllantirishga qo‘shilgan muhim hissadir.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Kitobxonlik, ma’naviyat va inson kamoloti mavzulariga bag‘ishlangan chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, o‘quvchilar ishtirokida qiziqarli savol-javoblar tashkil etildi. Unda yoshlarning bilim va dunyoqarashi, mustaqil fikrlashi hamda kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishi yaqqol namoyon bo‘ldi. Bunday tashabbuslarning ahamiyati shundaki, kitob sovg‘a qilish — oddiy xayriya emas, balki yosh avlodning intellektual va ma’naviy kelajagiga qilingan sarmoyadir. Bir kitob yangi fikrga, yangi fikr esa yangi maqsad va imkoniyatlarga yo‘l ochishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri