Inson qadr-qimmatining mezon va o‘lchovlari aks etgan manzil
“Millat Shavkati” asari haqida so‘z
Insoniyat paydo bo‘libdiki, har bir shaxs hayotda o‘z o‘rnini topishga intilib keladi. Kimdir umri davomida xalqi, millati va Vatanining taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi, shu bilan birga, kelgusi avlodlar uchun ibratli hayot maktabini yaratib qoldiradi. Aynan shunday insonlarning mehnati va matonati jamiyatning ma’naviy tayanchiga aylanadi.

Shu bois jamiyat dunyoqarashini boyitadigan adabiyotga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Tohir Malikning “Odamiylik mulki”, Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun”, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, Shukrulloning “Kafansiz ko‘milganlar”, Qo‘chqor Norqobilning “Daryo ortidagi yig‘i” kabi asarlarini o‘qiganimda hayotning achchiq falsafasi, inson umrining mazmunli dovonlari, qat’iyat va iroda, muhabbat va nafrat o‘rtasidagi chegaralar hamda mashaqqatli, ammo zafarli sinovlar doimo diqqatimni tortgan. Bu asarlar chinakam tarbiya maktabi vazifasini o‘taydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qayta-qayta o‘qiladigan ana shunday kitoblar qatoridan senator va siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Millat Shavkati” asari ham o‘rin olganini mamnuniyat bilan ta’kidlash joiz.

Kitobda muallif yangilanayotgan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni chuqur tahlil qilib, vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan publitsistik maqolalari orqali kitobxon qalbiga kirib boradi. O‘quvchi asarni mutolaa qilar ekan, yangi O‘zbekistonning buguni va istiqboli haqida mushohada yurita boshlaydi, beixtiyor millatning ulg‘ayishi, vatanning kelajagi, tinchligi hamda ravnaqi uchun o‘z zimmasidagi mas’uliyat va burchni his etadi. Aslida, asarning asl kuchi ham mana shunda.
Shu bilan birga, ushbu kitob siyosiy arbob, davlat rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev portretiga berilgan siyosiy baho va ma’rifiy e’tirofdir. Prezidentning bilim va tafakkuri, shijoati, fidoyiligi, xalqparvarligi hamda vatanparvarligi hayotiy misollar yordamida, sodda va tushunarli tilda bayon qilingan.
Muhimi shundaki, asar orqali bugungi islohotlar faqat yangi qonunlar yoki muhtasham inshootlar bilan emas, balki eng avvalo odamlarning tafakkuri bilan o‘lchanishiga guvoh bo‘lish mumkin. Bu an’anaviy yondashuvlardan farq qilib, yangilanishlar jamiyat ongidagi o‘zgarishlar, inson qadr-qimmati va kelajakka bo‘lgan ishonch mezonlari orqali tahlil etiladi.
Har bir inson komillikka intilar ekan, bu jarayonda tafakkur asosiy mezon va o‘lchov ekaniga guvoh bo‘lamiz. Muallif ushbu fikrni Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk faoliyati misolida asoslab beradi. Uning qayd etishicha, Otaturk xalqqa yevropacha bosh kiyim kiyishni majburiy qilganda, shunchaki kiyinish uslubini emas, balki odamlarning ichki ruhiyati va dunyoqarashini o‘zgartirishni maqsad qilgan edi. Bu orqali muallif shaxs shakllanishida va ijtimoiy evrilishlarda psixologiya naqadar muhim rol o‘ynashini hamda bu haqiqat fanda allaqachon isbotlanganini ta’kidlaydi.
Asar muallifining fikricha, mustabid tuzumdan keyingi o‘tish davrida odamlar dunyoqarashi va siyosiy tafakkurining o‘zgarishi, davlat tuzilmalari hamda jamiyatni isloh qilishdan ham og‘irroq kechgan. Bu jarayonda uzoq vaqt davomida yevrotsentrizm g‘oyalari va muayyan his-tuyg‘ular ustuvorlik qildi. Shu sababli ham kitobda bugungi yangilanishlar va islohotlarning muvaffaqiyati bevosita inson tafakkurining o‘zgarishi bilan bog‘lab tahlil etiladi.
Kitobning kirish qismida Toshkentning bir hududi tarixi tasvirlanadi. Muallif poytaxt tarixini yaxshi biladigan kitobxonlar yodiga bir paytlar mashhur bo‘lgan “O‘qchi”, “Egarchi” va “Olmazor” mahallalarini soladi. 1980-yillarning oxiri – “qayta qurish” davri va mustaqillikning dastlabki yillarida Navoiy ko‘chasi hamda Xadra maydoni yaqinida o‘ziga xos chayqov bozori shakllangan edi. Kitobda bu yer “tijorat qatori” deb atalgan va mustaqillikdan keyin ham ko‘p yil davomida shu nom bilan yurgan.
Ilgari tashlandiq jarlik va eski loy suvoq uylardan iborat bo‘lgan ushbu hududda davlat rahbarining tashabbusi bilan bugun muhtasham “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qad rostladi. Mazkur ulkan evrilishlarning kitobda go‘zal tuyg‘ular va jonli tasvirlar orqali ko‘rsatib berilgani o‘quvchi qalbida beixtiyor shukronalik hissini uyg‘otadi.
Shuningdek, asarda davlat rahbarining “Tashkent City Mall” savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati bilan tanishish jarayoni alohida bayon etilgan. Bu tasvirlarda yurt farzandi, millat yetakchisining chin dildan quvongani, xalqiga bo‘lgan samimiy mehri va sadoqati yaqqol namoyon bo‘ladi. Mutolaa davomida o‘quvchi mazkur zamonaviy majmua haqida qiziqarli va kerakli ma’lumotlarga ham ega bo‘ladi.
Shu o‘rinda Amir Temur bobomizning hikmatli iboralari beixtiyor yodingizga to‘shadi: “Agar siz bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing”.
Darhaqiqat, bugun Yangi O‘zbekistonning qiyofasi o‘zgacha tus olgan. Yirik inshootlar, yangilangan shaharlar, obod mahallalar, qayta ta’mirlangan buyuk obidalar hammamizning ko‘z o‘ngimizda jilolanib turibdi.
Shu bilan birga, “Ginness rekordlari kitobi”dan o‘rin olgan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi ham xalqimizga buyuk tuhfa, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Asarda davlat rahbarining oddiy odamlar, yoshlar va bolalar bilan dildan suhbatlashishi, O‘zbekiston xalqi ham o‘z navbatida Prezidentiga ishonishi va uni qo‘llab-quvvatlashi aks ettirilgan.
Muallif kitobda kasaba uyushmalari faoliyatidagi tub burilishlar va islohotlarni ham ishonchli dalillar asosida ko‘rsatib beradi. Jumladan, oxirgi yillardagi eng muhim tarixiy voqealardan biri sifatida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilgani, kasaba uyushmalarining mehnat muhofazasi sohasidagi vakolatlari kengaytirilib, mas’uliyati yanada oshirilgani alohida belgilab o‘tilgan.
Kitobda mamlakatimizdagi ijtimoiy islohotlar tahlil etilar ekan, “Ayollar daftari” tizimi Prezidentning o‘xshashi yo‘q brend loyihasi hamda inson qadrini ulug‘lashning oliy namunasi sifatida e’tirof etiladi. Muallifning fikricha, ushbu noyob tajribaga dunyoning ko‘plab mamlakatlari iqtisodchilari, siyosatchilari va jamiyatshunoslari katta qiziqish bildirayotgani ham loyihaning nechog‘li ahamiyatli ekanidan dalolat beradi.
Aynan mana shu nuqtada asarning bosh g‘oyasi va maqsadi namoyon bo‘ladi – yurtdagi tub o‘zgarishlarni shunchaki raqamlarda emas, balki ularni xalq tafakkuri va ijtimoiy hayoti bilan uzviy bog‘liqlikda ko‘rsatib berish.
Davlatimiz rahbarining “Men umrimni shu xalqqa tikkanman”, degan chuqur ma’noli so‘zlari tag-zamirida inson qadrini yuksaltirish, xalq manfaatlarini himoya qilish va farovon turmushni ta’minlashdek ustuvor vazifalar mujassamdir. Bu haqiqat vaqt o‘tishi bilan hayotimizda yanada yaqqolroq aks etmoqda. Zero, bugun yangilanayotgan O‘zbekiston har bir fuqarosi uchun erkin, obod va farovon hayotni ta’minlab berayotgan xalqchil davlatga aylanib bormoqda.
Bugun amaldorlar xalq orasiga kirdi. Xalqimiz davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilmoqda. Har bir fuqaroning murojaati ijobiy yechim topmoqda.
Muallif siyosatchi nuqtai nazaridan: “...ayni tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom ma’noda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy ildizlari mustahkam va baquvvat bo‘ladi”, deya e’tirof etadi.
Shuningdek, kitobda iqtisodiy islohotlar ham atroflicha sarhisob qilinib, paxta yakkahokimligi hamda majburiy va bolalar mehnatiga chek qo‘yilgani alohida ta’kidlanadi. Muallif turizmning rivojlanishi, soliq tizimidagi yangilanishlar, valyuta bozorining erkinlashtirilishi va naqd pul bilan bog‘liq muammolarning bartaraf etilishi kabi muhim o‘zgarishlarni tahliliy ma’lumotlar bilan boyitgan. Bank-moliya sohasidagi yangilanishlar hamda xalqaro moliyaviy operatsiyalarning jahon andozalari asosida yo‘lga qo‘yilgani ham asar sahifalarida keng ochib berilgan.
Ushbu kitobni mutolaa qilar ekansiz, O‘zbekiston taraqqiyoti faqat quruq iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki odamlarning tafakkuri, qadr-qimmati va bugungi erishayotgan yutuqlari nuqtai nazaridan tahlil etilganiga guvoh bo‘lasiz. Asar nafaqat ilmiy-tahliliy xulosalar chiqaradi, balki insonlar qalbiga shukronalik va vatanparvarlik tuyg‘ularini ham singdira oladi.
Muallif o‘z hayot tajribasi va teran bilimiga suyangan holda, bir nechta sohani qamrab olgan publitsistik maqolalarida ham siyosatchi, ham iqtisodchi, ham ma’rifat targ‘ibotchisi sifatida namoyon bo‘ladi va jamiyat uchun ilg‘or g‘oyalarni ilgari suradi.
Asarda tasvirlangan voqealar muallifning shaxsiy ishtirokidagi kuzatuvlari asosida yoritilgani kitobxonni befarq qoldirmaydi.
Erkin BAYNIYAZOV,
O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari
kasaba uyushmasi respublika kengashi
raisi o‘rinbosari,
qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi.
O‘zA