Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida naqdsiz to‘lovlar ulushi keskin oshdi
Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida naqdsiz tushumlar ulushi oshmoqda. Xususan, joriy yilning 3-8-aprel kunlari O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida amalga oshirilgan tushumlar barqaror yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi.
Bu haqda Markaziy banki ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 3-aprel kuni yoqilg‘i quyish shoxobchalarida tushumlar 92,0 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Keyingi uch kun — 4, 5 va 6-aprel kunlarida umumiy tushum 395,5 mlrd. so‘mga yetgan. Mutaxassislar bu holatni transport harakatining faolligi hamda yoqilg‘iga bo‘lgan talabning yuqori bo‘lgani bilan izohlamoqda.

7-aprel kuni tushumlar 116,1 mlrd. so‘m, 8-aprel kuni esa 117,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Umuman olganda, haftalik dinamikada yoqilg‘i quyish shoxobchalarida tushumlar barqaror o‘sish tendensiyasini saqlab qolgan.
Tahlillarga ko‘ra, ushbu davrda amalga oshirilgan to‘lovlarning 92-95 foizi bank kartalari orqali bajarilgan. Bu esa aholi va tadbirkorlar o‘rtasida naqdsiz hisob-kitoblar keng ommalashayotganini ko‘rsatadi.
Naqdsiz to‘lovlar ulushining oshishi moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, iqtisodiyotda “soya” aylanmasini kamaytirish va to‘lov tizimlarini raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatda 70 milliondan ortiq bank kartalari muomalada bo‘lib, shundan 170 mingga yaqini moment kartalar hisoblanadi. Shuningdek, 60 mingdan ortiq yoqilg‘i kartalari faollashtirilgan.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha 46 mingdan ziyod bankomat, ADM va infokiosklar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning 7 mingdan ortig‘i naqd pul qabul qiluvchi qurilmalar va ADMlardan iborat.
Naqdsiz hisob-kitoblar infratuzilmasining kengayishi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida xizmat ko‘rsatish tezkorligi va qulayligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA