Yettisharshara haqida eshitganmisiz?
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Qalqama hududida joylashgan Tarag‘ay qishlog‘i haqida ko‘pchilik eshitgan. Sohibqiron Amir Temurning otasi Tarag‘ay Bahodir nomi bilan ataluvchi bu maskan nafaqat tarixiy ahamiyati, balki betakror tabiati bilan ham kishini o‘ziga rom etadi. Tog‘lar bag‘riga yashiringan bu qishloq atrofida temuriylar davri bilan bog‘liq ko‘plab tarixiy izlar saqlanib qolgan.
Biroq Tarag‘ayning yana bir siri bor. Bu tabiatning noyob in’omi sanalmish, ko‘pchilikka hali yaxshi tanish bo‘lmagan Yettisharsharadir.
Bu galgi sayohatimiz aynan shu mo‘’jizaviy manzil sari yo‘l oldi.

Tarag‘ay qishlog‘ining so‘nggi xonadonlarigacha avtomobilda yetib borgach, sayohatning eng qiziq qismi – tog‘ yo‘llari boshlanadi. Oldinda balandlikka eltuvchi so‘qmoqlar, atrofda esa bahor nafasi bilan to‘lgan tabiat. Yo‘l davomida toshdan-toshga urilib, musiqa kabi jaranglab oquvchi Tarag‘ay soyi hamroh bo‘ladi. Salqin va musaffo havo, tog‘ giyohlarining o‘ziga xos xushbo‘y hidi, yuzlarga urilgan mayin shabada insonni kundalik tashvishlardan uzoqlashtirib, tabiat qo‘yniga chorlaydi.

Yo‘l-yo‘lakay uchragan zilol buloqlardan chanqoq bosiladi. Qoyalar orasida otilib chiqqan muzdek suv go‘yo tog‘larning qalbidan sizib chiqqan hayot manbaidek tuyuladi. Bu yerlarda bahor biroz kechroq kelgani uchun o‘t-o‘lanlar hali ham o‘zining yashil libosini yechmagan. Atrofni qurshagan salobatli qoyatoshlar esa necha asrlardan buyon shu yerda turib, tarixning tilsiz guvohiga aylanganday.

Birozdan so‘ng keng yo‘llar tugaydi va torgina so‘qmoqlar boshlanadi. Balandlikka ko‘tarilgan sari uzoqdan suvning shovullagan ovozi eshitiladi. Bu ovoz sayohatchini manzilga yetaklovchi tabiiy qo‘ng‘iroq kabi jaranglaydi. Nihoyat, bir nechta ulkan tol daraxtlari soya tashlab turgan bag‘irda Yettisharshara namoyon bo‘ladi.
Ko‘z oldimizda haqiqiy tabiat mo‘’jizasi gavdalanadi. Qoyalarga urilib pastga intilayotgan suv tomchilari quyosh nurlarida tovlanib, atrofga mayin tuman sochadi. Uning zarralari yuzga urilib, yoqimli salqinlik bag‘ishlaydi. Sharsharaning oqimi xuddi kelinchakning qirq kokilidek maydalanib, toshlar bag‘ridan taralib tushadi.
Yettisharshara deb atalishining sababi ham shunda – suv oqimi zinasimon joylashgan yettita tosh qavatidan oshib o‘tib, pastga qarab oqadi. Taxminan o‘n besh metr balandlikka ega bo‘lgan ushbu tabiat yodgorligi, ayniqsa, bahor oylarida o‘zining eng go‘zal qiyofasini namoyon etadi. Qor va yomg‘ir suvlari hisobiga to‘lgan sharshara ulkan kuch bilan shovullab oqadi. Yozning oxirlariga borib esa suv miqdori kamayib, uning oqimi ancha sokinlashadi.

Yettisharshara nafaqat sayohatchilar, balki tabiatning beqiyos go‘zalligini his qilishni istagan har bir inson uchun ajoyib manzildir. Bu yerga kelgan kishi tog‘lar sukunati, buloqlar musiqasi va sharsharaning betakror shovqini bilan bir muddat bo‘lsa-da, tabiat bilan yolg‘iz qoladi. Balki shuning uchun ham Yettisharsharani ko‘rgan inson uni yana bir bor ziyorat qilish istagi bilan qaytib ketadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri