O‘monda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi
Yaqinda Maskat shahrida yurtimizning O‘mon Sultonligidagi elchixonasi va “Oman Air” aviakompaniyasi hamkorligida “O‘zbekiston va O‘monni kashf eting: ikki tomonlama turizm aloqalarini rivojlantirish” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Maskat–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi arafasida o‘tkazilgan davra suhbatida O‘zbekistonning O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Xatamov, “Oman Air” aviakompaniyasi bosh ijrochi direktori o‘rinbosari Hamud al-Alaviy, Sultonlikning Meros va turizm vazirligi vakillari, 10 dan ziyod turoperator va turistik kompaniyalar, ushbu o‘lkada keng auditoriyaga ega inflyuyenserlar va blogerlar ishtirok etdi. Shuningdek, yig‘inda Samarqand viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i J.Suyunov boshchiligida viloyatdagi yetakchi turoperatorlar videokonferensaloqa orqali qatnashdilar.

Anjuman doirasida yozuvchi Darya Sirotinaning “Discovering Uzbekistan” kitobi taqdimoti, O‘mon Meros va turizm vazirligi tomonidan “Visit Oman” taqdimoti namoyish etildi hamda “Oman Air” vakillari tomonidan Maskat–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.

Hamud al-Alaviy o‘z nutqida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yildan-yilga mustahkamlanib borayotgani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi esa sayyohlik oqimini rag‘batlantirishi, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
U shuningdek, diyorimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ular mamlakatning xalqaro turistik jozibadorligini oshirishga va xorijiy sayyohlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilayotganini alohida e’tirof etdi.

Yig‘in davomida O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari, yangi aviaqatnovning ahamiyati hamda o‘zaro turistik almashinuvni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘.Alimov, O‘zA