Shaharsozlik va turizm: 160 dan ortiq hududda master rejalar amalga oshirilmoqda
2025-2026-yillar davomida respublika bo‘ylab 160 dan ziyod tuman va shaharlarning istiqbolli hududlari uchun master rejalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri matbuot kotibi - axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshana Umarova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, master rejalar asosan tuman markazlari, sohil bo‘ylari va turizm hududlarini rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur jarayonni muvofiqlashtirish maqsadida viloyat hokimliklarida maxsus Loyiha ofislari tashkil etilgan.
Shahrisabz tumanida xorijiy kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan master reja asosida “Shahrisabz” turizm markazi hamda 500 gektarlik agroekoturizm majmualari foydalanishga topshirildi. Ushbu tajriba asosida “Omonxona” va “Sangardak” turizm markazlarida ham amaliy ishlar boshlandi.
Shuningdek, Andijon viloyatining Shirmonbuloq, Kampirovot va Imom ota hududlarida turizm maskanlarini barpo etishga qaratilgan master rejalar ishlab chiqildi. Quva tumanida esa “Karkidon” suv ombori atrofida 258 gektar maydonda zamonaviy turizm maskani foydalanishga topshirildi.
Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Qashqadaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlarida dam olish maskanlari, piyodalar va veloyo‘laklar hamda zamonaviy infratuzilma ob’ektlarini barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Brifingda qayd etilganidek, hududiy rivojlanishning yangi bosqichi sifatida fazoviy rejalashtirish tizimi joriy etilmoqda. Bu yo‘nalishda Jahon banki ko‘magida Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va boshqa davlatlarning yetakchi shaharsozlik kompaniyalari jalb qilingan.
Mutaxassislar salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy ekspertlar ishtirokida amaliy seminarlar ham tashkil etilmoqda. Xususan, 2026-yilning birinchi choragida Turkiyaning “PAL” kompaniyasi bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida malaka oshirish seminari o‘tkazildi.
Mazkur ishlar hududlarning iqtisodiy va turistik salohiyatini oshirish, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish hamda investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasbetadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA