Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan yengil sanoat va xizmatlar, transport-ekspeditorlik xizmatlari sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Unda aholi bandligini ta’minlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasining mazmun-mohiyati deputatlar va mutaxassislar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
Davra suhbati avvalida qo‘mita raisi Sharofiddin Nazarov mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularga keng imkoniyat va sharoitlar yaratish, tadbirkorlik muhitini kengaytirish orqali aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu borada soha vakillariga keng soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etilayotgani tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga katta turtki bo‘lmoqda.
[gallery-24433]
Davra suhbatida yangi ishlab chiqilgan qonun loyihasi batafsil muhokama qilindi. Soliq-bojxona siyosati va daromadlar prognozi departamenti direktori o‘rinbosari A.Salohiddinov qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, mazkur loyiha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ular o‘rtasida teng raqobat muhitini ta’minlashga qaratilgan. Unga ko‘ra, yaylov xo‘jaliklarining yaylov yerlarini yer solig‘idan ozod qilish, yangi bog‘larni barpo etishda import qilinadigan ko‘chatlar va payvandtaglar hamda ayrim texnikalarni 2028 yilga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)dan ozod qilish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, 2028 yilga qadar xizmatlar sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarining 30 yoshdan oshmagan xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash, tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoatida ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar uchun foyda solig‘ini 2 foiz va ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, transport-ekspeditorlik xizmatlari va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ham bir qator soliq imtiyozlarini taqdim etish ko‘zda tutilmoqda.
Davra suhbatida deputatlar va mutaxassislar tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlanib, muhokama qilindi. Loyihani takomillashtirish yuzasidan taklif-tavsiyalar bildirildi.
Muhtarama Komilova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA