Yaponiya osmoni tuni bilan “ko‘z yosh to‘kdi”
Yaponiyaning Tiba prefekturasida rekord darajadagi yog‘ingarchilik ortidan suv toshqini yuz berdi. Tabiiy ofat oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yo‘llar va temir yo‘l qatnovi izdan chiqdi. Ayrim hududlarda namlik 24 soat ichida 360 millimetrdan oshgan.
Tokiodagi Narita xalqaro aeroportiga olib boruvchi transport harakati to‘xtab, qariyb 7 000 yo‘lovchi terminalda qolib ketdi. Xodimlar ularga uxlash qopi, suv va oziq-ovqat tarqatgan. Tez orada aksar parvozlar odatiy tartibda amalga oshirilishi kutilmoqda.
Sel elektr va gaz ta’minotiga ham jiddiy ta’sir qildi. Kichik stansiyani suv bosishi ortidan 20 000 dan ziyod xonadon toksiz, qariyb 13 000 uy vaqtincha gazsiz qoldi. Eng og‘ir vaziyat kuzatilgan Tiba shahrida yuzlab odam tunni davlat binolarida tashkil etilgan vaqtincha boshpanada o‘tkazdi. Qutqaruv ishlariga harbiylar ham jalb etildi.

Meteorologlar Tibada sutkalik 367 millimetr yog‘in qayd etgan. Bu 2013-yil oktabrda o‘rnatilgan 309 millimetrlik avvalgi rekorddan ancha yuqori. Gubernator Tosixito Kumagai ko‘p bor tabiiy ofatga guvoh bo‘lgani, ammo bunday holatni hech qachon ko‘rmaganini aytdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA