Tokio maktabida yong‘in
Yaponiya poytaxti Tokio shimolida joylashgan boshlang‘ich maktabda bugun to‘satdan yuz bergan yong‘in odamlarni jiddiy sarosimaga soldi. Yuzlab o‘quvchi xavfsiz joyga ko‘chirildi, ba’zilar tibbiy yordam olishiga to‘g‘ri keldi.
Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari yozmoqda. Manbalar ta’kidlashicha, ta’lim muassasasi binosining to‘rtinchi qavatida, musiqa xonasida alanga ko‘tarilgach, zudlik bilan evakuatsiya ishlari tashkil etilgan. Mahalliy NHK davlat telekanali tarqatgan xabarga ko‘ra, hodisa oqibatida tutundan zaharlangan bir necha o‘quvchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Favqulodda vaziyat yuzaga kelgan vaqtda “Takinogava Daisan” nomli mazkur ta’lim dargohida 300 ga yaqin o‘quvchi va xodim borligi ma’lum qilindi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA