Amaldagi Konstitutsiyamiz mustaqil davlatni shakllantirishda, dunyoga tan oldirishda tarixiy missiyani bajardi. Endi davlatni emas, insonni, uning huquqlari kafolatini oliy maqsadga ko‘tarishimiz kerak.
Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasidagi yangi normalar “inson-jamiyat-davlat” konsepsiyasiga amal qilingan holda ishlab chiqilgan. Endi davlatning oliy maqsadi insonni, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘lyapti.
Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalari ham inson himoyasi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi bilan bog‘liqdir. Shuning uchun partiyamiz Konstitutsiyaga takliflar berishga katta mas’uliyat bilan yondashdi. Chunki partiyaning 30 yildan ziyod tarixida bunday ochiq imkoniyat bo‘lmagan.
Yana bir masalani alohida aytish kerakki, partiyamiz elektorati manfaatlari ishonchli himoya qilina boshlandi. Hukumat fuqarolar oldidagi asosiy majburiyatlariga jiddiy e’tibor qarata boshladi. Masalan, kambag‘allik eng og‘ir muammomiz edi. Ilgari hatto “kambag‘al” degan so‘zni ishlatish mumkin emas edi. Kambag‘allik bo‘yicha mezon ham, mexanizm ham yo‘q edi. Keyingi yillardagi xalq bilan muloqot, kuchli ijtimoiy siyosat ko‘p yillik muammolarni hal qilmoqda.
Partiyamiz g‘oyalari Bosh qomusimizda aks etishidek tarixiy imkoniyatdan foydalandik. Asosiy takliflarimiz o‘z ifodasini topmoqda, endi ular qo‘llab-quvvatlanishi uchun intilamiz. Xususan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib yashash ehtiyojiga mos bo‘lishi kafolatlanyapti. Odamlar buni juda uzoq kutdi.
Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi nazarda tutilyapti. Fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish majburiyati davlatga yuklanyapti. Belgilangan tartibda bepul tibbiy xizmat ham kafolatlanyapti. Ya’ni, davlatning fuqarolar oldidagi, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash borasidagi mas’uliyati bir necha borabar ortyapti.
Ayni paytda shunga mos ravishda davlatning parlament, hokimliklarning xalq deputatlari Kengashlari oldidagi hisobdorligi, mas’uliyati ham kuchaymoqda. Hukumatning parlament oldida mas’ulligi uning dastlabki shakllanish jarayonidan boshlanishi belgilanayotgani muhim siyosiy ahamiyatga ega.
Ma’lumki, amaldagi Konstitutsiyaning 98-moddasiga ko‘ra, Bosh vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi kerak. Ya’ni, Bosh vazir nomzodini ko‘rsatish jarayonida boshqa siyosiy partiyalar ishtiroki cheklangan.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada esa Bosh vazir nomzodini ko‘rsatish jarayonida barcha siyosiy partiya fraksiyalarining teng ishtiroki ta’minlanmoqda va shu orqali qoidalar yanada demokratlashtirilmoqda. Bu kabi amaliyot xorijiy mamlakatlarda ham keng qo‘llaniladi. Ushbu yangi konstitutsiyaviy norma har bir siyosiy partiyaning hukumatni shakllantirish jarayonida bevosita ishtirok etish imkoniyatini kafolatlaydi. Har bir siyosiy partiya o‘z saylovoldi dasturidagi eng muhim vazifalarni Hukumat dasturiga kiritgan holda amalga oshirish huquqidan foydalana oladi.
Hokimlarning deputatlarga boshchilik qilish instituti bosqichma-bosqich bekor qilinishi, bu borada ilg‘or demokratik tartibga o‘tilishi davlatchiligimizni zamonaviylashtiradi. Hokimliklarni demokratik tiyib turish mexanizmi joriy etilishi ayni vaqtda xalq deputatlari Kengashlariga saylanadigan minglab deputatlarning imkoniyat va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini ham yaratadi. Deputatlarning faolligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy muammo hal etiladi. Shu tarzda hududlarda demokratik madaniyat rivojlanadi.
Asosiy qomusimiz odamlarimizga kuch beradigan, kayfiyatini ko‘taradigan qomus bo‘layapti, deb ishonch bilan ayta olamiz. Uchrashuvlarda ko‘pni ko‘rgan kishilar yana bir muhim fikrni alohida ta’kidlayapti.
Bugun dunyo notinchligi, avvalgidan ancha murakkablashgani aytilyapti. Har qadamda to‘qnashuv, kelishmovchilik. Bulardan eng ko‘p odamlar, ayollar, bolalar aziyat chekyapti. Ayrim davlatlar fuqarolar oldidagi tinchlikni asrash bo‘yicha burchini bajara olmayapti.
Shunday qiyin pallada yurtimizda tinchlik hukmronligiga shukrona keltirishyapti.
Uchrashuv va muloqotlarda jamoatchilik vakillari yangilanayotgan Konstitutsiya tinchligimiz kafolatini mustahkamlashga xizmat qiladi, degan muhim xulosalarni ham bildirishyapti. Ya’ni, xalqimiz Konstitutsiyaviy qonun loyihasini hayot bilan, kundalik turmush bilan bog‘lab tahlil qilyapti.
Tinchlikni asrashda xalqimizning birdamligi ham muhim. Umuman, ijtimoiy birdamlik bizning qonimizga singib ketgan. Shularni hisobga olsak, Konstitutsiyamizga birinchi marta “ijtimoiy birdamlik” tamoyili kiritilayotgani ham tarixiy ahamiyatga ega.
Ulug‘bek Inoyatov,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
markaziy kengashi raisi
O‘zA