Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Anvar To‘ychiyev ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda bundan 31 yil muqaddam 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning yangi tahriri loyihasiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgarishlar to‘g‘risida so‘z bordi.
— Barchaga ma’lumki, Konstitutsiya davlatimizning asosiy qonunidir, – dedi Anvar To‘ychiyev. – U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab berib qolmay, xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasidir.

Bundan bir yil muqaddam, xalq muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Konstitutsiyaviy komissiyaga 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Muhimi, Komissiya a’zolari tomonidan ushbu taklif va munosabatlar, fikr va mulohazalar o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Eski tahrirdagi Konstitutsiya 128 ta moddadan tarkib topgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi, o‘zgartirilgan va qo‘shimcha kiritilgan Konstitutsiya 155 ta moddadan iborat. Mamlakat rivoji, ertangi kuni, muxtasar qilib aytganda aholini haq-huquqlari, millat hayotining davomiyligini ta’minlashga qaratilgan milliy strategiyamiz o‘z ifodasini topgan.

Misol uchun, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 48-moddasi "Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli. Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi.Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi" degan mazmundagi hayotiy norma bilan mustahkamlab qo‘yildi.

Xullas, Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida soha xodimlari, senator Anvar To‘ychiyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish, bahs munozaralarga boy bo‘lib, yangi tahrirdagi konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun mohiyati ochib berildi. Joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda o‘tkaziladigan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va referendumda faol ishtirok etish yuzasidan tushunchalar berildi.
Sh.Suyarov,
Sh. Ortiqboyev (surat), O‘zA