Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir
Har bir mamlakatning huquqiy poydevori va davlatchilik asosi bu Konstitutsiyasidir.
Shu bois mamlakatlar taraqqiyot yoʻlidagi barcha oʻzgarish, yangilanish va yutuqlar zamirida mana shu asosiy Qonun yotadi. U oʻzida xalq irodasi, ruhiyati, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Bir soʻz bilan aytganda, Konstitutsiya tom maʼnoda xalq tafakkuri va ijodi mahsulidir.
Xalqaro huquq normalariga mos va hamohang tarzda ishlab chiqilgan asosiy Qonunimiz mana 29 yildirki mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashga, inson huquq va erkinliklarining kafolati sifatida oʻz samarasini koʻrsatib kelmoqda. Aynan Konstitutsiyamizga tayanib, bundan besh yil muqaddam mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi qabul qilindi va Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar boshlandi. Natijada, erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari sifatida salmoqli yutuqlarga erishish imkonini yaratib berdi.
Keyingi besh yillikda mamlakatni taraqqiy ettirishga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida oʻz aksini topgan, adolatli va xalqparvar davlat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadigan vazifalarni amalga oshirishda, Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantigʻiga moslashtirish, demokratik yangilanish jarayonlariga yangicha ruh va shiddat berish, islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish maqsadida amaldagi Konstitutsiyani takomillashtirish umummilliy maqsadga aylandi.
Konstitutsiyaviy islohotlarni obyektiv zarurat sifatida kun tartibiga olib chiqqan fuqarolarimiz, keng jamoatchilik vakillari bu islohotlarning tashabbuskori ekani esa, albatta, barchamizni quvontiradi.
Taʼkidlash joiz, yurtdoshlarimizning shu boradagi xohish va istaklarini amalga oshirish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, qisqa davrda Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Aholimiz, jamoatchiligimiz konstitutsiyaviy islohotlarga befarq boʻlmasdan, oʻz taklif va mulohazalari bilan faol qatnashib, bu muhim jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Xususan, bugungi kunga qadar Komissiyaga 48 ming 492 ta taklif kelib tushganligi, viloyatning faol va tashabbuskor fuqarolari tomonidan ham 5 mingga yaqin taklif va tavsiyalar bildirilganligi oʻz navbatida mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar obyektiv hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda konstitutsiyaviy islohotlar Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan masala sifatida oddiy aholiga, xalqimiz farovonligini taʼminlashga, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi zarurligi taʼkidlandi.
Buning uchun, yangilangan Konstitutsiya mazmuniga “Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda hozirgi islohotlarning bosh tamoyili boʻlgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirish, yaʼni, insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerakligi qayd etildi.
Shu oʻrinda aytish kerak, afsuski, milliy qonunchiligimizda bugungi kunda bajarib boʻlmaydigan yoki bajarish qiyin boʻlgan normalar ham uchrab turadi. Bu esa, ortiqcha talab, ortiqcha xarajatni keltirib chiqarishi bilan birga, korrupsiogen holatlarga ham yoʻl ochadi.
Shu bois, Prezidentimiz tomonidan maʼmuriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yoʻnalishdagi ishlarni koʻrib chiqishda insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari – qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli boʻlishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratish toʻgʻrisidagi yangi bir normani Konstitutsiyaga kiritish taklif etildi.
Shuningdek, jamiyatimizda chuqur ildiz otib ketgan, azaliy muammolardan yana biri, yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bogʻliq tizimni uzil-kesil yoʻqotish uchun, Konstitutsiyamizga “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emas”, deb qatʼiy yozib qoʻyish kerakligi aytildi.
Bundan tashqari, huquq-tartibot organlarini shaxsga nisbatan, uning huquqlariga daxl qilish holatlarini oldini olish maqsadida, inson huquqlari yuksak darajada taʼminlangan demokratik davlatlarning tajribasidan kelib chiqib, inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qoʻllash va «Xabeas korpus» institutini rivojlantirish boʻyicha muhim taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Eʼtiborlisi, fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish uchun qonunchilik tashabbusi huquqi institutini isloh qilish va Konstitutsiyamizga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etish taklif etildi. Natijada 100 ming kishidan kam boʻlmagan miqdordagi fuqarolar oʻz qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu asosda xalq bevosita qonun ijodkori sifatida tashabbus koʻrsatish huquqini qoʻlga kiritadi.
Umuman olganda, Parlament tomonidan ishlab chiqilgan loyihani umumxalq muhokamasida oʻtkazilgan holda konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qoʻllab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirilishini biz jamoatchilik vakillari ham qoʻllab-quvvatlaymiz va eʼtirof etamiz. Bu esa tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi haqiqiy xalq Konstitutsiyasi boʻlishiga zamin yaratadi.
Davron Shodmonov,
“Yuksalish” umummilliy harakati Qashqadaryo hududiy
boʻlinmasi rahbari, viloyat Kengashi deputati