Qarshi davlat universiteti xorijiy tillar fakultetiningyangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan Qashqadaryo viloyat hokimi M.Azimov va boshqalar, universitet jamoasi hamda talabalarini ta’lim muassasasida yaratilayotgan sharoit va qulayliklar bilan samimiy tabriklab, muvaffaqiyat tiladi.
1000 o‘rinli ko‘rkam xorijiy tillar fakulteti o‘quv binosi zamonaviy arxitektura yechimiga ega. 5 qavatli yangi binoning barcha o‘quv xonalari zamonaviy interaktiv doska va audio tizimlari bilan jihozlangan. Talabalarning nutq va eshitish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun lingafon kabinetlari, ma’ruza zallari, media studiya hamda yuqori tezlikdagi internet Wi-Fi tarmog‘i mavjud.
Xususan, o‘rganilayotgan tilga oid amaliy bilimlarini takomillashtirish maqsadida xitoy, nemis, fransuz, rus, ingliz tillari va Erasmus+ dasturlari, KOICA, sinxron tarjima markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ta’kidlash lozimki, QarDU janubiy mintaqa ta’lim bozorida yetakchi o‘rinni egallaydi. Ayni kunda oliy ta’lim muassasasida 13 ta fakultet va 43 ta kafedra mavjud.
[gallery-22740]
Bugungi kunda oliygohning 17 ming nafarga yaqin talabasiga 697 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda.
So‘nggi 4 yilda universitetning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, pedagog-xodimlar va talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish, universitet infratuzilmasini tubdan yangilash borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2021-2024 yillar yangi 3 ta talabalar yotoqxonasi qurildi va jihozlandi. Natijada qo‘shimcha 1 ming 382 ta yotoq o‘rni yaratildi. Respublikada birinchi bo‘lib, talabalarning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyoji 100 foizga ta’minlandi. Universitet hududida 300 o‘rinli zamonaviy oshxona qurildi. “Kir yuvish” maishiy xizmat ko‘rsatish kichik korxonasi qurib foydalanishga topshirildi. Filologiya fakultetida talabalar uchun yangi 100 o‘rinli oshxona qurildi va fakultetning sport zal binosi mukammal ta’mirlandi.
Ma’lumot o‘rnida, Qarshi davlat universiteti xalqaro reytinglarda yangi bosqichga ko‘tarilib, (THE) Impact Ranking — 2024 da BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha 6 yo‘nalishda ilg‘or 1000 talik, 3 yo‘nalishda 1500 talik ro‘yxatga kiritildi. 2024 yil sentyabr oyida ENQA – Oliy ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha Yevropa assotsiatsiyasi a’zoligiga ega “IAAR” mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi tashqi ekspert komissiyasining xulosasiga ko‘ra, universitetning “Filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili)” bakalavr ta’lim dasturi 5 yil muddatga xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi (bakalavr diplomi dunyoning 70 dan ortiq davlatlarida tan olinadi).
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari