Yangi fakultet – yangi imkoniyatlar
Aloqa tarixi muzeyida Toshkent shahridagi Inha universitetining yangi fakulteti ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Aloqa tarixi muzeyida Toshkent shahridagi Inha universitetining yangi fakulteti ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu oliy o‘quv yurti bugun yoshlarning zamonaviy bilim olishi va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarga ega bo‘lishida muhim o‘rin tutmoqda. Joriy yilda tashkil etilgan yangi logistika fakulteti buning yorqin tasdig‘idir.
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sh.Shermatovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda transport infratuzilmasi jadal rivojlanib, xalqaro savdo munosabatlarining kengayib borayotgani logistika mutaxassislarini ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Yangi fakultet bitiruvchilari logistikani boshqarish bo‘yicha axborot tizimlarini yaratish va sohaga tatbiq etish, logistika kompaniyalarini tashkil etish va boshqarishga doir keng ko‘lamli bilimlarga ega bo‘ladi.
Anjumanda ayni paytda logistika fakulteti talabalari uchun o‘tiladigan majburiy va qo‘shimcha o‘quv kurslari ro‘yxati ishlab chiqilgani ta’kidlandi. Talabalar o‘quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va logistika bo‘yicha o‘z bilimini boyitadi. O‘quv dasturlari xalqaro logistika, yetkazib berishni boshqarish tizimi, yuk tashish, havo va temir yo‘l transportini boshqarish tizimi, biznes jarayonlarini boshqarish, resurslarni rejalashtirish hamda boshqarish tizimi va boshqa modullarga asoslanadi.
Toshkent shahridagi Inha universitetining akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini qabul qilish va ular bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ruxsora Rahmatovaning aytishicha, logistika fakultetiga 80 talabani qabul qilish rejalashtirilmoqda. Fakultetda o‘qish uchun matematika fanidan imtihonni muvaffaqiyatli topshirish va kamida 6 ballik IELTS yoki 75 ballik TOEFL sertifikatiga ega bo‘lish lozim. Kirish imtihonlari yakunlari bo‘yicha eng yaxshi besh talaba dastlabki o‘quv yilining birinchi semestrida o‘qish uchun to‘lovdan 100 yoki 50 foiz ozod etiladi. Bunday imkoniyat o‘quv jarayonida eng yuksak natijalarga erishgan 5 talabaga ikkinchi semestrda ham taqdim etiladi. Bundan tashqari, talabalar manfaatdor tashkilotlarning maqsadli grantlarini olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Yana shuni qayd etish kerakki, 2016-yilning iyun oyidan Toshkent shahridagi Inha universiteti TOEFL iBT testlarining sertifikatlangan ma’muriy markaziga (CTAS – Certified Test Administration Site) aylandi va bu abituriyentlarga ingliz tili bo‘yicha TOEFL iBT testlarini shu yerning o‘zida topshirish imkonini beradi.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.