Yangi avlod rahbar bo‘lishni istamaydimi?
Bugungi kunda Z avlodi uchun muvaffaqiyat yuqori lavozim bilan o‘lchanmayotgandek. Tadqiqot ko‘rsatishicha, ko‘pchilik yoshlar mansab pog‘onasidan ko‘tarilish o‘rniga shaxsiy hayot va ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash tarafdori. Mutaxassislar aynan shunday qarash muayyan kompaniya uchun kelajakda rahbar kadrlar yetishmovchiligi xavfini oshirayotganiga e’tibor qaratgan.
Ish muhiti bo‘yicha ekspert, “Enpulse” kompaniyasi rahbari Tomash Shklyarski bahosiga ko‘ra, dunyo miqyosida yosh avlodning atigi 6 foizi yuqori lavozim egallashni ko‘zlaydi. Ta’kidlanishicha, bunday past ko‘rsatkich jamiyatdagi boshqaruv tizimi uchun jiddiy xavf hisoblanadi. Demak, rahbarlik vazifasi avvalgi davrga nisbatan ancha og‘irlashgan, mas’uliyat keskin ortgan.
So‘nggi yillarda bir menejer boshqaradigan jamoa o‘rtacha olti nafardan o‘n ikki kishigacha ko‘paydi. Endi yetakchi bir vaqtning o‘zida ham yuqori boshqaruv oldida natija uchun javobgar, ham xodimlar rivojlanishi, ruhiy holati va ish samaradorligi uchun mas’ul. Yosh mutaxassislar esa bunday bosimni kuzatar ekan, qo‘shimcha maosh yoki maqom evaziga shaxsiy vaqtdan voz kechishni ma’qul hisoblamayapti.

Ayni holat alohida kompaniya emas, balki global mehnat bozori uchun dolzarb masala sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, aholi qarishi tufayli mehnat resursi qisqarayotgan Yevropada malakali boshqaruvchi tanqisligi yanada sezilishi mumkin. Ekspertlar sun’iy intellekt jarayonni osonlashtirayotganini tan olsa-da, insonga rahbarlik qilish, ishonch qozonish, jamoani ruhlantirish va murakkab qarorlar qabul qilish kabi vazifalarni texnologiya hozircha to‘liq o‘zlashtira olmasligini qayd etmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA