Germaniyada noodatiy ilonlar soni ortib bormoqda
Global iqlim o‘zgarishi oqibatida ilgari faqat Janubiy Yevropada uchraydigan va uzunligi 2 metrdan oshadigan ilon turlari endilikda Germaniya hududlarida keng tarqalmoqda.
Myunxendagi Sudralib yuruvchilarni qutqarish markazi rahbari Markus Baurning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yil davomida Bavariyada asli Bolqon va Gretsiya uchun xos bo‘lgan zaharsiz ilonlar hamda O‘rta yer dengiziga tegishli suv ilonlari tez-tez kuzatilmoqda.
Shuningdek, Reynland-Pfals shtatida Janubiy Yevropadan kelib qolgan sariq-yashil ilonlar soni ham bir necha yuztaga yetgan. Mutaxassislar bu sudralib yuruvchilarning ayrimlari o‘z tabiiy yashash maydonlari qisqargani bois shimolga ko‘chganini, boshqalari esa insonlar tomonidan (masalan, transport vositalariga yopishib) tasodifan olib kelinganini izohlamoqda.
Mazkur ilonlar inson sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasa-da, mahalliy ekotizimga ta’sir ko‘rsatmoqda: ular bir tomondan kaltakesaklar sonini kamaytirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa ekinlarga zarar yetkazuvchi kemiruvchilarni yo‘q qilishga yordam bermoqda.
Qayd etish joizki, GFRning mahalliy yetti turdagi iloni yo‘qolib ketish arafasida bo‘lgani uchun ularni tabiatda uchratish hali ham kamyob hodisa hisoblanadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA