Yana bir yangi oliy o‘quv yurti ochiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Buxoro davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida Buxoro davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Universitetning asosiy vazifalari quyidagilar iborat bo‘ladi:
muhandislik, ishlab chiqarish, oziq-ovqat texnologiyasi, yengil sanoat, neft va gaz, yashil energetika, arxitektura va qurilish, transport va logistika, agrotexnologiya, axborot texnologiyalari va dasturlash sohalari bo‘yicha, shuningdek, hududning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq oliy ma’lumotli mutaxassislar hamda ilmiy- pedagogik kadrlar tayyorlash;
ta’lim jarayoniga ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini qo‘llagan holda xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida milliy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
ishlab chiqarish, muhandislik sohalarida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarning samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish;
yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda talabalarning akademik almashinuvini ta’minlash hamda talaba va professor-o‘qituvchilarning sanoat korxonalarida malakaviy amaliyot va stajirovka o‘tashini yo‘lga qo‘yish;
amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya bazasini shakllantirish hamda uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash;
hududdagi texnika yo‘nalishida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatish;
talabalarning har tomonlama yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, ularda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya va amaliyot uyg‘unligini samarali tashkil etish.
Qaror bilan:
Buxoro davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
Buxoro davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan ob’ektlar ro‘yxati;
Buxoro davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan o‘rta maxsus hamda kasbiy ta’lim tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlandi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
Universitet talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi joriy etiladi;
Universitet professor-o‘qituvchilari va doktorantlari yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuboriladi;
Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy mashg‘ulotlar olib borishi, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida soha korxonalarida mutaxassislik kafedralari filiallari tashkil etiladi;
Universitet professor-o‘qituvchilari tadqiqotchilari hamda talabalari tomonidan amalga oshirilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni tijoratlashtirish hamda sotish maqsadida "spin-off" korxonasini tashkil etiladi;
nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturi asosida Universitetda amaliyotga yo‘naltirilgan fanlar ko‘paytiriladi.
O‘zA