Xususiy ta’lim muassasalari ko‘paymoqda
Keyingi paytlarda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar o‘z samarasini berayotganligini ko‘rish mumkin. Bu borada o‘sib kelayotgan yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek xayrli ishlarda tadbirkorlik sub’ektlari ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatida foydalanishga topshirilgan bir qator nodavlat ta’lim muassasalari ham ayni shu g‘amxo‘rlikdan yorqin nishonadir. Bundan yetti yil avval viloyatda ikkita xususiy maktab ishlagan bo‘lsa, hozirgi vaqtga kelib ularning soni 34 ta yetdi. Mazkur muassasalarda 2 ming 963 o‘quvchiga 314 pedagog ziyo ulashmoqda. Birgina yangi o‘quv yili munosabati bilan to‘rtta ana shunday nodavlat maktab o‘z faoliyati boshladi.


Namangan shahrida foydalanishga topshirilgan 400 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan yangi “Ziyokor international school” xususiy maktabi kimyo-biologiya, matematika, ingliz va rus tillariga ixtisoslashgan. Sobiq qurilish tashkiloti binosini ko‘rkam o‘quv maskaniga moslashtirish, ta’mirlash va jihozlash uchun tadbirkor Muhammadjon Parpiboyev tomonidan 5 milliard so‘m sarflandi. Buning natijasida 60 nafardan ziyod yosh pedagog doimiy ish bilan ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, “Ziyokor” brendi ta’lim sohasiga 2008 yilda kirib kelib, erishgan natijalari hamda samaradorligi bilan respublikamizda yuqori ko‘rsatkichlar bilan faoliyat yuritib kelmoqda. Kurslarda ta’lim olgan o‘quvchilarning 90-95 foizi yurtimiz va xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. E’tiborlisi shundaki, yangi o‘quv yilida Namangandagi Prezident maktabiga qabul qilingan 24 nafar o‘quvchining 14 nafari aynan “Ziyokor” maktabi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari va kurslar tinglovchilariga to‘g‘ri keldi.


Namangan shahridagi Nodira ko‘chasidagi sobiq “zangori ekran” binosi o‘rnida qad rostlagan “LSL School” nodavlat ta’lim muassasasi ham o‘z oldiga ulkan marralarni qo‘ygan. Anvar O‘runov rahbarligidagi mazkur yangi maktab matematika, informatika, ingliz va rus tillariga ixtisoslashgan. Quvonarlisi, 440 o‘rinli maktabni tamomlagan o‘quvchilar uchun Koreya va Yaponiya mamlakatlaridagi oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. “LSL School” maktabi qurilishiga 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Zamonaviy ilmgoh faoliyatini boshlashi tufayli 50 dan ziyod ish o‘rinlari yaratildi.
Yangi nodavlat ta’lim dargohlarining tantanali ochilish marosimida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov rahbarligidagi sektor rahbarlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Har ikki muassasaning birinchi sinfiga borgan jajji o‘quvchilarga o‘quv qurollari va darsliklardan iborat “Prezident sovg‘asi” taqdim etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.