“Xudoyorxon qal’asi” va “Borsa kelmas” g‘ori haqida eshitganmisiz?
Qo‘qon yurtimizdagi eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, o‘zbek davlatchiligi tarixida tutgan o‘rni va roli katta.
Uning tarixi haqidagi ilk yozma ma’lumotlar miloddan oldingi II asrning boshlarida bu yerga kelgan xitoy sayyohi Chjyan Syan bitiklarida uchraydi. O‘tgan yilda Qo‘qon shahri Turkiy dunyo turizm poytaxti, deb e’lon qilindi.
Shu bois ayni kunlarda nafaqat O‘zbekiston balki, qo‘shni davlatlar hududida shahar tarixi bilan bog‘liq ob’ektlar o‘rganilmoqda. Ana shunday joylar Farg‘ona viloyatiga chegaradosh bo‘lgan Qirg‘izistonning Botken viloyatida talaygina saqlanib qolgan. Ma’lumki, Botken viloyati qachonlardir Qo‘qon xonligiga Turkiston tog‘i etaklaridan kirib kelayotgan karvonlar, ko‘chmanchi xalqlar va hatto dushmanlar uchun ham qalqon vazifasini o‘tagan. Bu yerning tabiiy landshafti davlatni muhofaza qilish uchun juda qulay bo‘lib, xonlikning chegara qismlari uchun unda turli inshoot va qurilmalar barpo etilgan.
Shulardan eng mashhurlari Xudoyorxon qal’asi (chegara posti) va Borsa kelmas koni qoldiqlari hisoblanadi. “Xudoyorxon qal’asi” deb nom olgan yodgorlik tarixchilarga yaxshi ma’lum bo‘lib, u 18 asr oxirlarida qurilgan. So‘nggi marta Qo‘qon xoni Xudoyorxon tomonidan mukammal ta’mirlanganligi uchun ob’ekt shu nom bilan saqlanib qolgan. Taxminan 500 metr kvadratdagi maydonni egallagan mazkur ob’ektda yuzga yaqin chegarachi askarlar doimiy yashagan. Qal’a So‘x daryosining yuqori qismida, Turkiston tog‘i etaklarida, daryo o‘zani bo‘ylab o‘tadigan karvon yo‘lida joylashgan. Strategik jihatdan juda qulay nuqtani egallagan va dushmanning favqulodda hujumidan landshaftning o‘zi himoyalagan. U tosh aralash paxsadan qurilgan. Undagi miltiqdan o‘q uzish uchun mo‘ljallangan nishaklar hali hanuz saqlanib qolgan. Afsuski, qal’aning ichki qismidagi binolar (kazarmalar) sovet davrida buzib tashlangan va ularning o‘rnida o‘rikzor bog‘ barpo etilgan.

Ushbu ob’ektlardan yana biri “Borsa kelmas” koni bo‘lib, u ko‘p sonli ruda konlarining biridir. Ushbu kon Qo‘qon xonligini temir bilan ta’minlab turish uchun muhim ahamiyat kasb etgan. U haqda xalq orasida turli rivoyat va afsonalar saqlanib qolgan. Jismoniy mehnat juda mashaqqatli bo‘lganligi sababli unda asosan harbiy asirlar ishlagan. Bu konda ishlagan mahkumlarning ko‘pi qaytib chiqmasligi esa, uni xalq orasida “Borsa kelmas” nomini olishiga sabab bo‘lgan. Bu yerda temir rudasi yer yuzasiga qazib chiqarilgan va dastlabki qayta ishlov shu yerning o‘zida qo‘lbola o‘choqlarda berilgan.

Bu o‘choqlarning izlari va qayta ishlangan ruda qoldiqlari (shlaklar) hozir saqlanib qolgan. Keyingi ishlov Qo‘qonning o‘zida, professional temirchi ustalar tomonidan berilgan. Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov mazkur ob’ektlarda bo‘lib, konning qoldiqlari bilan yaqindan tanishib chiqdi. Shuningdek, Botken viloyati gubernatorligi vakillari, shu yerdagi o‘lkashunoslik muzeyi ekspozitsiyasi hamda uning ilmiy xodimlari bilan uchrashib, qimmatli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu safar o‘zbek va qirg‘iz xalqining o‘tmishi, tarixiy-madaniy merosi bir ekanligini yana bir karra namoyon qildi.
M. Sulaymonov, O‘zA