Xosiyat Rustamova she’riyati Italiya matbuoti nigohida
O‘zbek she’riyatining dunyo adabiy makonidagi ovozi yana bir xalqaro e’tirof bilan boyidi.
Italiyaning Cavalierenews nashrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli o‘zbek shoirasi Xosiyat Rustamova ijodiga bag‘ishlangan adabiy maqola e’lon qilindi.
Mualliflar taniqli shoir va noshir Rifat Ismoilli hamda Angela Kosta shoira Xosiyat Rustamova ijodining dunyoviy ahamiyatga molik qirralarini atroflicha talqin etishadi.
«Ko‘z yoshlar sig‘maydi jamadonimga» deb nomlangan ushbu maqolada shoiraning shu nomdagi va turkum she’rlari chuqur tahlil qilinib, ularda inson qalbi iztiroblari nechog‘li mahorat va yuksak badiiylik bilan ifodalangani e’tirof etiladi.
Maqola mualliflari o‘zbek shoirasini "...bugungi O‘zbekistonning eng nufuzli, ta’sirchan va ko‘p tillarga tarjima qilingan she’riy ovozlaridan biri...” sifatida ta’riflashadi.
Bu e’tirofning yana bir muhim jihati shundaki, italyan nashri maqola orqali o‘quvchini O‘zbekistonga — zamonaviy jahon adabiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan go‘zal mamlakatga sayohat qilishga ham chorlaydi.
“Shoirning ovozi qanchalik o‘z yurtining ruhi, tili, xotirasi va ma’naviy tajribasiga tayansa, dunyo bilan muloqoti shunchalik ta’sirchan kechadi. Xosiyat Rustamova she’riyati mana shu jihati bilan ham bugun sarhad bilmayotgani ayni haqiqatdir”, deyilgan maqolada.
O‘zA