She’rlari asrlar bilan bo‘ylasha oladigan shoira
17-may Halima Xudoyberdiyeva tavallud topgan kun
Dono xalqimizda “bo‘ladigan bola bolaligidan ma’lum “degan hikmatli gap bor. Halima Xudoyberdiyeva ikki yoshligida onasidan ayriladi. Xolasi va amakisi qo‘lida tarbiyalanadi. Yettinchi sinfda o‘qiyotganda Boyovut tumani gazetasida “Olaqashqa “nomli ilk she’ri bosilib chiqadi. Halima Xudoyberdiyevaning ilk she’rini adabiyot fani o‘qituvchisi Akrom Karimnazarov maktabdagi o‘quvchilar ishtirokidagi katta yig‘inda o‘qib beradi. Bu oddiy hodisa yosh Halima Xudoyberdiyevaga qanot bag‘ishlaydi.
Shoiraning dastlabki kitobi Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMu) Jurnalistika fakul’tetining 1-bosqichida “ Ilk muhabbat “(1968) nomi bilan chop etiladi. 5-bosqichda esa “Oq olmalar "nomli ikkinchi kitobi (1973) o‘n ming nusxada bosilib chiqadi. Bu dastlabki kitoblar o‘zbek adabiyotiga yangi bir ohang, yangi bir iste’dod chaqmoq kabi yonib kirib kelayotganidan darak berardi.

Halima Xudoyberdiyeva Toshkentda o‘qishni tugatganidan keyin Moskvada Gor’kiy nomidagi Adabiyot institutining Oliy adabiyot kursida o‘qidi. Moskvadagi ikki yillik o‘qish davri Sirdaryo viloyatining chekka Boyovut tumanida tug‘ilgan yosh shoira hayotida katta burilish yasadi, o‘chmas iz qoldirdi. O‘qishi davomida jahon adabiyotida mashhur bo‘lgan Chingiz Aytmatov, Yevgeniy Yevtushenko, Bella Ahmadullina, Andrey Voznesenskiy, Robert Rojdestvenskiy, Sil’va Kaputken kabi taniqli ijodkorlar bilan yaqindan tanishish va suxbatlashish baxtiga muyassar bo‘ldi. Natijada g‘arb va rus adabiyotini teranroq angladi.
Halima Xudoyberdiyeva Moskvadan qaytganidan keyin hozirgi “Yangi asr avlodi “,”Yozuvchi “nashriyotlarida, uzoq yillar “ Saodat” jurnali va turli gazetalarda faoliyat ko‘rsatdi. Nashriyotlar, gazeta-jurnallar shoira dunyoqarashini o‘stirib, uning uchun ijod maktabi vazifasini bajardi. Ko‘rgan-kechirganlari, idrok etganlari, hayot quvonchu tashvishlari she’r bo‘lib, qog‘ozga tushdi. Natijada 102 ta she’r va to‘rtliklari jamlangan “ Suyanch tog‘larim “kitobi G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida 1976-yilda 10000 nusxada bosilib chiqdi. Shuningdek,” Bobo quyosh “(1977) o‘n ming , “Sadoqat “ (1983) o‘n ming, “ Yuragimning og‘riq nuqtalari “Zamon. Axloq. Oila." nomli publitsistik maqolalari 1991-yilda yigirma ming , “Hurlik o‘ti “ (1993) 50 ming ,” Yo‘ldadirman “ ( 2006) besh ming nusxada nashr etildi. Shoira kitoblarining katta adadlarda chop etilishining sababi, ular nashriyotlarga kattagina daromad keltirayotganidan edi. Chunki muxlislar Halima Xudoyberdiyeva kitoblarini izlab yurishardi. Kitoblar qisqa vaqt ichida sotilib ketardi. Bu holat shoira she’rlarining xalqimiz tomonidan yaxshi kutib olinayotganidan ham darak berardi.
Halima Xudoyberdiyevaning keyingi yillarda “ Chaman”, “ Gordost’”, “ Issiq qor “, “Muqaddas ayol “, “ Bu kunlarga yetganlar bor....,“ To‘marisning aytgani”, “ Saylanma”,” Buyuk qushlar “, “ Osoyishta sham”, “ Yillar nafasi” kabi kitoblari ham dunyo yuzini ko‘rdi.
Shoira kitoblariga taniqli ijodkorlar, adabiyotshunos olimlardan Zulfiya, Abdulla Oripov, Ibrohim G‘ofurov, Ozod Sharofiddinov, Sirojiddin Sayiid so‘zboshi yozganlar. Xalqimizda “ Do‘stlaringning kimligini ayt, men seni kimliginingni aytaman ” degan gap bor. O‘zbek adabiyotining darg‘alari e’tirofiga tushish hammaga ham nasib qilmaydi.

O‘tgan asrning 70- yillarida, ayniqsa,yoshlar o‘rtasida Halima Xudoyberdiyevaning “ Biz olmamiz “,” Dorilamon kunlar keldi “, “ Har gap o‘tsa mendan o‘tdi”, “ Siz bilan “, “Men olmaman “, “ Seni so‘rashar “,” Ko‘pdan ko‘rishmadik” ,“ Begim...”she’rlari juda mashhur edi. Ayniqsa , yoshlar o‘rtasida Halima Xudoyberdiyevaning sevgi-muhabbat mavzusidagi she’rlari juda keng yoyilgan. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, yigirma yoshlilar Halima Xudoyberdiyevaning yuzlab she’rlarini yoddan bilishardi.
Eslayman, Toshkent shahridagi “ Bilim “ jamiyatining taxminan 500 kishilik zalida she’riyat kechalari o‘tkazilardi. She’riyat kechasini o‘sha paytlarda “O‘zbegim “ qasidasi bilan elda mashhur bo‘lib ketgan sevimli shoirimiz Erkin Vohidov olib borardi. Ana shunday kechalarning birida Erkin aka navbatdagi ijodkorni e’lon qildi:
— Navbat yosh sevimli shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaga. Erkin Voxidov o‘rnidan turib, sahnadagi mikrofonga ishora qildi.
Hech qanday grimsiz, ikkita qop-qora sochini orqasiga tashlab olgan qorachadan kelgan, bo‘ydorgina qiz avval o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, avval Erkin Vohidovga, keyin esa zalda o‘tirganlarga yengil ta’zim qildi. Shoira she’rini yoddan o‘qiy boshladi. Chunki yosh ijodkorning qo‘lida hech qanday qog‘oz yo‘q edi. Bu holat doimiy an’anani buzish edi. Odatda har bir sahnaga chiqqan ijodkor qo‘lida kitobi yoki jurnal, gazetada chop qilingan she’rlarini ko‘tarib olgan bo‘lardi. Jarangdor, shiddatli tarzda she’r yangray boshladi:
Onaginam !
Dorilamon kunlar keldi, shafaqlari ol,
Qayon boqsang, shaylanishar va sozlashar tor.
Olcha gulin ko‘zlaringga surtasan behol,
Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.
Ishonasizmi, besh yuz kishilik zal bu she’rni xor bo‘lib kuylashdi...
2008-yil O‘zbekistonda “Yoshlar yili” deb nomlangan edi. Iste’dodli shoir Muhammad Ismoil va Halima Xudoyberdiyeva Guliston davlat universitetiga tashrif buyurdilar. Ijodiy uchrashuv she’riyat kechasi emas, balki e’tirof kechasi bo‘ldi. Chunki Halima Xudoyberdiyeva qaysi she’rini o‘qishni boshlasa, zaldagi talabalar she’rni davom ettirdilar. Bu holat o‘n martalab takrorlandi. Halima Xudoyberdiyeva nihoyatda xursand bo‘ldilarki, asti qo‘yaverasiz.
— Men bunday holatni yigirma yillar oldin ko‘rgandim. Mening she’rlarimni bu darajada ko‘p va xo‘p yodlaganlarni yaqin yillarda ko‘rmagan edim. Barchangizga chin qalbimdan, cheksiz minnatdorchilik bildiraman, — degan edilar.
Halima opa – ko‘ngil kuychisi edi. “Sen muqaddassan, muqaddas ayol”, “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor” satrlarini yozish uchun ham juda katta sehr, ilohiylik, aql-idrok, donishmandlik kerak edi. Bu o‘lmas satrlar hech qachon eskirmaydi, dolzarbligini yo‘qotmaydi. Ular Halima Xudoyberdiyevaning el suygan, ulug‘ shoira ekanligidan dalolatdir.
Ayol—Iroda, Ayol—Oriyat, Ayol—Shijoat ! deyishgan faylasuflar. Halima Xudoyberdiyevada mana shunday ajoyib fazilatlar mujassam edi.
Benazir shoiramiz, minglab yoshlar va qalamkashlarning ulug‘ ustozi Halima Xudoyberdiyevaning boqiy hayoti, o‘lmas she’riyati davom etmoqda.
Ravshanbek Mahmudov,
Guliston davlat universiteti professori.
O‘zA