Ijodkorlarning asarlari orqali O‘zbekistonni dunyo tanimoqda
Davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligi va katta e’tibori tufayli O‘zbekistonda faol ijod qilayotgan, sermazmun asarlari bilan dunyoga yuz tutayotgan adib va shoirlar soni tobora ko‘payib borayotir.Prezidentimizning kitob mutolaasi va kitobxonlikni yanada kuchaytirish xususidagi qaror va farmonlari hayotga tadbiq etilmoqda.O‘zbek adiblari dunyoga tanilayapti.
Bugungi kitobxonni XX1 asr o‘zbek adabiyoti manzaralari qiziqtirishi tabiiy.Bu haqda tasavvur hosil qilish uchun nasr, nazm, dramaturgiya va adabiyotshunoslikning ayni paytdagi taraqqiyoti xususida mulohaza va mushohada yuritish katta naf keltiradi.
Ijodiy jarayonda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar, muammolar, adib va shoiralar yuragini zirqiratib turgan og‘riqli nuqtalar qaysilar? Tabiiyki, bu kabi ko‘pdan ko‘p savollar yomg‘iri har qanday o‘quvchini dovdiratishi aniq.Biroq taniqli shoir, adib, dramaturg va adabiyotshunoslar bilan gurunglar bu kabi tashvishli savollarga javob izlash imkonini beradi.
Bugungi suhbatdosh-taniqli ijodkor - Xosiyat Rustamova talantli shoira sifatida ancha yillardan buyon sher muxlislari qalbiga olov yoqib kelayotir.
Adabiy suhbat bedovining jilovini aniq bir maqsadga yoki mavzuga yo‘naltirish oson kechmadi.Ammo qalbi uyg‘oq va nozik tabli shoira yuragi zamon bilan hamnafas va xalq dardi bilan yoniq holda urib turganligini uning adabiy suhbati davomida tezda ilg‘ash qiyin bo‘lgani yo‘q.
Ijod-sirli, sehrli dunyo.Bu xususdagi o‘ylar, behisob dardlarni o‘quvchi bilan baham ko‘rish orzusi har qanday ijodkorni bezovta qiladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 2019-yildan esa Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Xosiyat Rustamova bu yil 55 yoshga to‘ldi.Bosib o‘tilgan o‘ttiz yillik ijodiy yo‘l, ijodiy jarayon,yozish mashaqqatlari xususida bir necha savollar bilan murojaat qildik.
– Yozish nima?
– Yozish – ehson. Allohning ehsoni, buyuk marhamati! Mening nazarimda, faqat yozayotganingda Unga yaqin ekaningni, yashayotganingni, eng muhimi tirikligingni his kilishing mumkin bo‘lgan yagona jarayon! Yuzingni yuvayotgan yosh butun dunyoni g‘ubordan tozalayotganga o‘xshaydi.. Har bir tomchini ushlab qolib bo‘lganida, shu tomchilarning o‘zi sen haqingdagi eng yaxshi yoki eng yomon gapni aytishi mumkin bo‘lardi... Shu xonangdagi stolingdan tortib hamma jihozlar uni tasdiqlashi, vaqt esa guvohlik berishi mumkin edi... Afsus, sen haqingdagi eng rost gapni faqatgina So‘zlar aytishi mumkin. Faqat Ular xam eng tajribali ustalar tarafidan qurilgan tarixiy binolar kabi pishiq va mustahkam bo‘lsa! Bularning hammasi Yaratganning qo‘lida! Bizni yaratayotib, bizni qanday bo‘lishimizni istagan Rabbimning istagidandir!
– Nima uchun yozasiz?
– Yozishga ehtiyojim borligi uchun yozaman. Yozsam, o‘zimni yaxshi his qilishim uchun yozaman. Yozsam, o‘zimni qushday his qilaman. Hatto uchayotganimni tasavvur qila olaman.
Yozsam, tirikligimni, yashayotganimni va hayotni, odamlarni sevayotganim uchun yozaman. Yuragimning urishidan, sochimni oqarayotganigacha bilaman... Hatto shu narsa ham yozishdan to‘xtatolmasligi, nimadir yozishga undayverishi uchun yozaman...
Men yashayotganim ushbu kunlarda faqat, faqat yozishim kerakligini ich-ichimdan his qilaman va butun vijdonim hamda ko‘zimdagi yosh bilan tasdiqlayman. Lekin bilaman, yozayotganimdan yozolmayotganlarim ko‘p! Men buni ichimdagi beayov to‘lqinning shafqatsiz zarbalaridan his qilib turaman. O‘zimni qayerga qo‘yishni, qanday qutqarishni bilmay qolaman ba’zan. Albatta, bu gaplarni aytib bo‘lmasligini ham bilaman. Eng katta sirni ochayotganga o‘xshaysan odam. Lekin bu Dunyoda Senga o‘xshagan yana kimdir borligiga ishonasan va aynan o‘sha shoir uchun aytasan ushbu sirni! Yozishdan chalg‘imasligi, vaziyat qanday bo‘lishidan qatiy nazar yuragini o‘zi uchun vatan deb qabul qilishi va unga suyanishi uchun aytasan. Va Senga ham kimdir aytishini shu qadar xohlaysanki... Bu istakning javobi kabi quloqlaringga aks-sadolar yerning ostidan kela boshlaydi. Sen u ovozlarni bexato taniysan... Beparda eshitasan! Hayotning aynan mana shu lahzalari sen yolgiz emasligingni, qayerdadir (yerning ostida bo‘lsa ham) kimdir Senga qarab turganini va oxirida yozishing zarurligini tushunib yetishingga yordam beradi. Seni umidlantiradi.
– Yozolmay qolish nima?
– Aslida, yozolmaslik ham yozish ekan, men buni keyinroq tushundim. Yozgan va yozmagan kunlaringning farqi, yozgan vaqtingda qog‘ozga, yozmagan vaqtlaringda esa hamma tarafingga yozarkansan. Fakat, yuraging o‘yilib ketarkan bu yozuvlardan, tanang bukchayib ketarkan... Soching avvalgiga qaraganda ko‘prok oqarib, kipriklaringga qadar jon talashar ekan, buning sababini na sen, na seni Yaratgan aytib beroladi... Ko‘zlaring har tomon jovdirab So‘z qidirganda, nigohing qirq besh daraja issiqda muzlab qolganida, odamlar bilan gaplasholmaganingda, har qanday davra sening davrang emasligini ichingda kimdir aytib turganida, ayniqsa, bu dunyoga begona ekaningni his qilgan kuningdan sening qog‘ozga yozolmasliging boshlanarkan... Hozirgi aqlim o‘shanda bo‘lganida, bu holatni yengish unchalik qiyin bo‘lmasdi. Kulib o‘tardim, kulib yengardim...
Afsus... Men esa dovdirab qolgandim... O‘zimni yo‘qotib qo‘ygandim. Boshimni qayerga urishni, jonimni qayoqqa qo‘yishni bilmasdim. O‘zimni bekitib qo‘ygim kelardi dunyodan. Bir kuni hatto ikkinchi qavat derazasidan o‘zimni tashlasamchi, deb o‘ylaganman. Chunki, yozuv stolidan quruq kaytaverish holdan toydirgan, jonim bo‘g‘zimga kelib bo‘lgandi... keyin... unchayam ko‘p vaqt o‘tmasdan anglab yetdimki, aslida yozmagan kunlaring ham o‘zingga yozarkansan!
–Qachondan yozishni boshlagansiz, ilk yozgan she’ringiz xotirangizdami?
– Harflarni to‘g‘ri kelgan joyga chizishni boshlaganimdan she’r yozgan bo‘lishim kerak. Hamma bolalar kabi men ham harflardan hayratlanganman. Dadamning gazetadan bosh ko‘tarmasliklari meni hayron qoldirar, gazetani qo‘llaridan qo‘yishlari bilan men uning harflarini bo‘sh joyi qolmagan daftarim xoshiyalariga chiza boshlardim. Hamma-hamma narsani bilgim, tezroq katta bo‘lgim kelardi. Kunlar, tunlar biram uzun ediki, ha deganda tong otib, ha deganda tunlar ketib qo‘ya qolmasdi. Menda harf o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq juda baland edi. Dadamning ishdan charchab kelishlariga harflar chizilgan daftarlarim tayyor turardi. Balki, o‘sha paytlar o‘zim nima ekanligini bilmagan holda she’r yozgandirman. Bu faqat Yaratganga ayon! Faqat esimda aniq qolgani, 3- sinfda o‘qirdim, bir kuni o‘zimning xonamda kitoblarimga o‘ralashib, asar kahramonlari bilan o‘ynayotgan bo‘lsam kerak... shiftga qarab qancha turdim bilmayman, ammo, nimadir yozgim kelgani aniq esimda. Shu qadar tezlik bilan, xuddi qayergadir shoshayotgan odam kabi... Va shu sher “Gulxan” jurnalida bosilgandi ham.
– Bolaligingiz haqida o‘ylaganingizda xayolingizda ko‘proq nimalar gavdalanadi?
– Nechchi yoshga kirgan bo‘lishimdan kat’iy nazar hali bolalikdan uzoqlashmaganman, u bilan birga yashaymiz! Bolaligim – mening bolalarimdan yosh, eng kichkina bolam kabi hamisha yonimda, birga! Birga ovkat yeymiz, birga uxlaymiz! Uni unutish ota-onamni, tug‘ilgan qishlog‘imni unutish kabi og‘riqli. Qancha ustozlarim bor edi, qancha o‘rtoqlarim... Men haqimda gapirishi mumkin bo‘lgan qushlar, daraxtlar! Uyimizning oldidagi jinko‘cha. Men shu ko‘chadan maktabga borardim. Eng sumkasi og‘ir o‘quvchi edim... Maktab darsliklariga qo‘shib, badiiy kitoblarimgacha o‘zim bilan olib yurardim, ularsiz maktabga borgim kelmasdi. Xayollarim sumkamdan ham og‘irroq edi. O‘qiyotgan kitobimni qolgan joyidan o‘zim davom ettirar edimki, eng qizig‘i, ba’zan to‘g‘ri chiqib qolardi. Kitobdagi kahramonlarni qidirardim... Salgina o‘xshashi topilsa, o‘sha kuni juda baxtli yashardim. Eng qizig‘i, salbiy kahramonlar ko‘p edi... Men ularni ham yaxshi ko‘rardim, hammani yaxshi ko‘rib ketaverardim, ichimga sig‘masdim. Qariyalarga rahmim kelardi... Ertaga o‘lib qolishlaridan qo‘rqardim, negadir shunday o‘ylardim. Uyda ovqat pishib turgan bo‘lsa, tanimasam ham, Sizni onam chaqiryaptilar, deb uyga boshlab kirardim. Onam o‘rganib ketgandilar, darrov ovqat berib, mehmon qilardilar. Men esa ularni ovqatlanishlaridan lazzatlanardim, xotirjam bo‘lardim. Xayolan hozir ham bolaligim yashagan hamma joylarda kezib yuribman... Bobolarim, buvilarim, ko‘pgina ustozlarim o‘tib ketishgan, ko‘pgina ko‘shnilarimiz yo‘q... Odam ko‘p, lekin, hamma tomon huvillab qolgan. Uyimiz ham hatto boshqatdan qurilgan, mening xonamdan asar ham yo‘q. Men o‘sha xonamda katta bo‘lgandim. Mening tezroq katta bo‘lish haqidagi orzularim shu kichkina xonada katta bo‘lgandi. Kitob o‘qiyotganimda katta bo‘layotganimni his qilardim. Bo‘yim va sochim bilan birga ichimda mehrga o‘xshagan nimadir o‘sardi. Tezroq katta bo‘lgim kelaverardi...
– Onangizning ko‘p asar o‘qishlari haqida eshitganman...
– Men harflarni tanimasimdan oldin men uchun eng yaqini Onam edi. Onamning har bir harakatlarini yodlardim. Nima ish qilsalar, orqalarida yurardim... Ishlari tugay demasdi. Ozgina qo‘llari bo‘shasa, qo‘llariga kitob olardilar, menga shu jarayon yoqmasdi, zerikib ketardim. Yana kancha o‘qiysiz, deb so‘rardim... To‘g‘risi, men Onamni kitoblardan rashq qilardim. Nimadir ish bilan hovliga chiqsalar, kitobni yashirib qo‘yardim. Bilardilar! Mendan so‘ramasdan qidirardilar, bilib turib aytmasdim. Onam negadir kitob o‘qiyotganlarida, jilmayib, huddi boshqa odamga aylanganga o‘xshagan, baxtiyor qiyofalari menga yoqmasdi. Onam bizni, uyni va butun dunyoni unutib qo‘yganga o‘xshardilar. Ichim kuyardi. Zerikib ketardim, nimalardir o‘ylab topib, harhasha qilishni boshlardim. Hozir Onamni yaxshi tushunaman! Hammadan ko‘proq tushunaman! Hozirgi aqlim o‘shanda bo‘lganida, ozgina baxtli bo‘lishlari uchun ko‘proq sharoit qilib bermasmidim? Chunki, men kitob o‘qib baxtli bo‘lganni Onamda ko‘rganman, bolalik tasavvurlarim bilan birga ko‘rganmanki, buni hech qachon esimdan chiqarolmayman!
– Kitob yozish va o‘qish jarayoningiz boshqalardan farq qilsa kerak...
– Hammasi Allohdan! Yoziladigan narsa – tug‘ilishi kerak bo‘lgan bola kabi, baribir dunyoga keladi. Bu sharhlab yoki izohlab bo‘lmaydigan narsa! Faqat bolaning sog‘lom tug‘ilishi Onaning holatiga bog‘lik bo‘lgani kabi, asarning mukammalligi Yozuvchi yoki Shoirga albatta bog‘liq. Men o‘qigan kitoblar aldamagan bo‘lsa, tuyg‘ularim meni o‘ziga maftun etgan paytlari o‘qiyotgan asarimga ishonibgina qolmay, u bilan yashayman. Undagi har bir so‘z zabardast panja kabi yaqqol ko‘rinadi. Yuragim titrayotganini, tirilayotganimni his qilaman. Vergullar ham so‘z aytish ilinjida oldinga intiladi... Nuqtalar orqada qolib ketayotganidan iztirob chekadi. Men har bir o‘qiyotgan kitobimga ana shunday muhabbat bilan yuzlanar ekanman, asar muallifining qiyofasini esimdan chiqarib qo‘yaman. Asar tugagach, uning ta’mi bir necha kun (balki oy) davom etarkan, ichimda katta bir hayot yashayotgani va men bilan nafas olayotganligi ayon bo‘ladi. Mening o‘quvchi holatim boshqa o‘quvchilardan albatta farqli emas, lekin, asardagi voqealardan ko‘ra, So‘zdan ta’sirlanish, har bir so‘z bilan yashab ko‘rish va o‘zingni ularning oldiga sochib tashlash kabi holatlar... Ba’zan shu darajada jonimni hiqildog‘imga keltiradiki, bu holatni ham qani endi tushuntirib berolsam!
– Yozish bilan odamlarga nimani yetkazmoqchisiz?
– Yozish jarayonida bu xaqida hech narsa bilmaysan. Bilganing– faqat yozish bo‘ladi. Keyinroq mushohada qiladigan bo‘lsang, odamlarga yozish orqali nimadir demoqchi ekanliging ayon bo‘ladi. Tezroq va iloji boricha tezroq aytging va yetkazging keladi. Ya’ni bu hayotga nima uchun kelganimiz, bizning kelishdan maqsadimiz va yashayotganimizning sabablari haqida, o‘zingni qiynayotgan va o‘zingga tinchlik bermayotgan qiynoq haqida ularga ham aytging keladi. Shoshasan... aytishga ulgurolmay qolishdan vahima bosadi , chunki, bu hayot faqatgina aylanib ketishimiz uchun berilmagan! Biz faqat tomosha qilish uchun kelmadik....Biz bu dunyoga faqat uy qurish, kiyimlarimizni ko‘z-ko‘z qilish uchun kelmadik. Hayotni ko‘rib turibmiz, O‘zi ham yordamga muhtoj! Mehr va muhabbatga muhtoj! O‘zi ham isitma ichida yonib yotibdi. Alahsirab yotibdi! Biz unga dalda bo‘lishimiz va suyashimiz, suyansa, yelkalarimizni tutib, tirgak bo‘lishimiz judayam zarur. Biz atrofga muhabbat bilan qarashimiz kerak. Atrofimizdagi hamma narsani, chumolidan tortib, qurt-qumursqagacha sevishimiz, jon dilimiz bilan ardoqlashimiz judayam muhim. Chunki, Alloh yaratgan narsani shunchaki qabul qilib qo‘ya qolishga haqqimiz yo‘q. Uning mohiyati haqida fikr yuritishimiz joiz. Yozishning qismat ekanligiga ishongan yozuvchi hech qachon qo‘liga behuda qalam ushlamaydi. Agar yozayotganda yuragingning urishdan to‘xtab-to‘xtab qolishini his qilmasang, bunday qalam tutgan qo‘lni yoki qalamni sindirib tashlash kerak! Yaqinda Hindistonning Samantariy jurnaliga intervyu berdim. Juda g‘alati savollar berishdi. O‘sha savollarning ichida hozir Siz so‘rayotgan savol ham bor edi. Ammo, bilmaymanki, bir xil javob berdimmikan? Albatta, keyinroq tekshirib ko‘raman!
– Dunyoga chiqish uchun yozayotgan tiling muhimmi, nima deb o‘ylaysiz?
– Birinchi navbatda iste’dod muhim, til emas! Agar sen ko‘p tillarni bilsang va u tillarda yoza olsangu senda talant bo‘lmasa, buyam fojia! Lekin yana bir tarafi ham borki, buyam albatta, muhim. Sen yozsangu o‘zingdan boshqa hech kim o‘qiy olmasa? Buyam achinarli... Men shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tishni xohlardim, agar Alloh taqdir qilgan bo‘lsa, ya’ni Yozuvchilik qismatingga yozilgan bo‘lsa, bundan qochib ham, qutulib ham bo‘lmaydi. Bo‘lishi kerak narsa albatta, bo‘ladi! Bu na yozuvchiga, na iste’dodga bog‘lik! Buning uchun Sen faqat yozuvchi yoki shoir bo‘lib tug‘ilishingning o‘zi kifoya qiladi.Bu faqat Allohning in’omi!
- Qaysi yozuvchilardan ko‘proq ilhomlangansiz?
– Mening hamisha tilim va dilimdagi bir oyat kabi ardoqlaganim, Robendranat Tagordir. Men ilk bor uning she’rlari bilan she’r dunyosiga kirib kelganman. Asarlaridagi qahramonlarning hind daryosiga cho‘kkan joylarida o‘zimni suvga cho‘ktirib yuborganmanki, ancha kungacha nafas ololmay qolganman. Va hayotim davomida, Bulgakovni sevdim. Lev Tolstoy, Dostoyevskiy, Xeminguey, Remark, Kafka, Kartosar, Borxes, Svetayeva, Axmatova, Pasternak... ehhhh, bular judayam ko‘p, men ularning hammasi bilan birga nafas oldim, ular bilan yashadim! Qayerda bo‘lmay, nima ish qilmay, hamisha ular bilan birga bo‘ldim...Ular mening hamma ishimdan xabardor edilar. Kuzatib turganday tuyulardi har bir qadamimni. O‘qimagan kunim yo‘qku, ammo, yozmagan yillarimdan hijolat chekardim!
– Tarjima va tarjimonlar haqida so‘ramoqchi edim.
– Til bilgan tarjimon bo‘lavermasligini bilamiz. Haqiqiy tarjimon ham chinakam shoir-yozuvchi kabi tug‘ilishi kerakligiga aqlimiz yetadi. Ularni ham so‘z degan buyuk kalima bezovta qilarkan. Buni ozgina oldin gazetadagi faoliyatimda his qilgan bo‘lsam, hozirgi kunda o‘z tarjimonlarim bilan ishlash jarayonida yaqqolroq ko‘ryapman va tushunyapman. Bir she’rni o‘n tarjimon o‘n hil tarjima qilyapti. Ba’zida yuraging og‘rib ketadi, shafqatsizlik bo‘lsa ham tarjimon bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelyapti... Ba’zan hech yo‘q shaklini saqlab qolyaptiku deysan, senga ozgina yaqin kelganini ko‘rib qolsang. Tarjima masalasi juda og‘ir jarayon. Gohida tarjimonga rahming kelsa, goho she’ringga achinib ketasan. Hayotingda yaxshi tarjimonga duch kelish ham bir omad ekan...
Hozir Londonlik katta tarjimon Jon Farndon she’rlarimni ingliz tiliga o‘giryapti. Balki, u shoir bo‘lgani uchundir, so‘zlarni his qila olishi va so‘zdan hayratlanishi meni quvontiryapti. Har bir she’r va so‘z ustida soatlab bosh qotirayotganini, erinmay o‘zbek tarjimonlari bilan talashib-tortishganini ko‘rib, ichimda hursand bo‘lyapmanki, menga nima, deyayotgani yo‘q. Tarjimonning ham o‘z uslubi bor. Hayotga o‘zining qarashlari, yo‘li bor! Nima bo‘lgandayam, qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin, eng so‘ngida senga yaqin kelmagan tarjimon bilan ishlab bo‘lmaydi. Tarjimaga aqlim yetib, tarjimon bilan ishlay oladigan yoshdaman. Meni havotirga soladigan narsa, o‘quvchi qaysi millat bo‘lishidan kat’iy nazar, tarjimonni emas, meni o‘qishini istayman. Bu esa juda og‘ir!
Yaqinda qiziq bir holat bo‘ldi. Pochtamga bir turkum keldi V’etnamlik shoirdan. Men gazeta tanlovi uchun kelayotgan asarlardan bo‘lsa kerak deb o‘yladim, chunki, asar V’etnam tilida edi. Men xat muallifiga, asarni hech bo‘lmaganda ingliz tilida yuborishini so‘rab xat yubordim. U mening ingliz tilidagi kundaliklarimni yuboribdi ikki kun o‘tib. Men uni meni tushunmadi, deb o‘ylagan bo‘lsam ham ichimda hursand bo‘ldimki, bu bilan u meni o‘qiyotganini aytmoqchi bo‘lyapti... Va o‘sha kuni men unga hali javob yozib ulgurmasimdan V’etnam saytlari mening V’etnam tilidagi kundaliklarimni e’lon qildi... Men qo‘rqib ketdim, shoshilmay har bir tarjimani “Google”ga solib chiqdim. Va shu qadar yengil tortdimki, keyin minnatdorligimni aytib maktub yubordim. Bu bilan nima demoqchiman, ba’zan tasodifiy tarjimalar ham shu qadar muvaffaqiyatli chiqib qoladiki, bu ham Kimningdir izni bilan bo‘layotganini sezish qiyin emas.
- Muharrirsiz, ammo matbuotda faol emassiz.
– Men bu savolga gazeta muharriri sifatida emas, balki, bir ijodkor sifatida javob berishni ma’qul ko‘raman. Masalan, bugun bir joyda asarim chop etilishidan ko‘ra, yozish men uchun muhimroq, o‘qishim ko‘proq zarur. To‘g‘risi, hali biror nashrga she’r ko‘tarib bormaganman. Talabaligimizda kursdosh qizlar bilan bir marta radioga amaliyotga borganimizda, she’r qoldirib ketganimizni aniq eslayman...
She’r qaysidir ma’noda sening siring! Uni keng ommaga oshkor qilaverish hamisha ham odamga yoqavermaydi. Bu holat kimda qanday kechishini to‘g‘risi, bilmayman. Men o‘zimda kuzatganlarim haqida gapiryapman. To‘g‘ri, muharrirlar yoki nashr hodimlari telefon qilib, she’r so‘rashganida hursand bo‘laman, eslaridan chiqmaganim va hurmat qilishgani uchun... Lekin, har doim ham o‘zimni majburlay olmayman!
–Yaqinda “Ochiq derazalar” telegram kanalingizda kundaliklaringizni o‘qib, to‘g‘risi, juda hayratlandim!
– Kundalik yozish mening kunlik rejimimda bor. Kundalik yozilgan va yozilayotgan daftarlarim shu qadar qiymatliki, qayerga borsam, o‘zim bilan ko‘tarib yuraman! U mening sevgilimga o‘xshaydi, har bir bo‘g‘inida so‘z yashayotgan vujudimga o‘xshaydi. Men undan hech narsa yashirmayman! O‘z ko‘nglim va o‘z taqdirim bilan sevishganim faqat O‘ziga va kundaligimga ayon! Men yoza olmagan yillarimni ham u bilan jimgina yashab olishga sarfladim. Bo‘lmasa, mumkin emas edi tirik qolish! Meni saqlab qolgan kundalik uchun men umrimni sarflashga hech achinmayman. Faqat ularni o‘qish oson emas. Har so‘zdan hayajonlanaman, har bir so‘zdan o‘lib qolay, deyman!
– Xorijda bo‘ladigan festivallarda juda ko‘p ishtirok etgansiz, bu hamma ijodkorlarning orzusi... Shoirlar bir joyga to‘plangandagi she’riy guldastalar haqida gapirib bering.
– Har doim, tadbir qayerda bo‘layotgan bo‘lmasin farqi yo‘q, hali umrida biron marta bir-birini ko‘rmagan shoir-yozuvchilar – qarindoshlar kabi yaqin, aka-uka, opa-singillar kabi mehribon! Hech kim ularni dunyoning turli burchaklaridan kelgan demaydi. Bu ham Xudoning marhamati! Hatto bir-birining tilini bilmaydigan shoir-yozuvchilar bemalol so‘zsiz gaplashishlari mumkin va bu juda tabiiy. She’r o‘qilayotgan payti ham huddi shu narsani kuzatish mumkin. Shunday holatda ruh va yurakning o‘rni bilinib qoladi. Nimalarga qodirliging yaqqol ko‘rinadi. Zo‘rlar o‘zini zo‘rligini yana bir marta tasdiqlatib oladi. Eng kizig‘i, tadbirlar tugab, uy-uyingga jo‘nab ketganingdan keyin xam she’riy ohanglar tugab ketmaydi, sen bilan birga qoladi. Ularning suratlaridan tortib, gapirish manerasigacha yodlab qolasan... Shoirlar – butun dunyoga sochilib ketgan millat ekanini ich-ichingdan his qilasan!
– Ularning hayotingizdagi ahamiyati haqida gapirmadingiz...
– Ularning bu dunyoda borligi menga umid beradi. Yashashim va ijod qilishim uchun kuch beradi. Ruhsiz holatlarimda ruh beradi! Dunyoning kayeridandir kelgan, “Siz yozishingiz kerak”, degan sms seni yozishga undaydi! Yozishing kerakligini esingga soladi! Ba’zida xavoni to‘ldirib maktublar uchayotganga o‘xshaydi. Ba’zan yomg‘ir kabi derazangdan mo‘ralayotgan nigohlar ko‘zlaringda chaplanib ketadiki, ular qaysi shoirlar edi, deya dabdurustdan ajratolmay qolasan. Hozir xayolimga Ve’tnamdagi oxirgi kun, hammamiz xayrlashgan, hammamiz o‘z chemadonlarimizni sudrab o‘z uyimiz, o‘z vatanimiz sari yo‘lga chikayotgan lahzalar kelyapti va beixtiyor ko‘zimda yosh...
– Hozir uydasiz... Nimalar qilyapsiz?
– Dunyo – kasal! Hayot kasallikka chalindi! Biz kasalimizni bilmasdik, dunyo yuqtirib olgandan keyin bilib qoldik. Yer kurrasining kichkina ekanligi, kaftlarimizga joylashtirish mumkinligi ayon bo‘lib qoldi. Osmon boshimizga yaqin, yer oyoqlarimiz uchun to‘shalgan to‘shak, Yaratgan xohlagan payti yopintirib qo‘yishi mumkin. Xohlamasa, u ham yo‘q! Biz hozir darsdamiz, o‘qiyapmiz, o‘rganyapmiz. Uyga yashirindik, lekin, bilimsizligimizni yashirolmadik... Dunyodan bekitib bo‘lmaydigan narsalar ko‘p ekan! Biz endi bildik, bilgan bo‘lsak ham... Dunyoning egasi borligi ma’lum bo‘ldi... Butun yer yuzini ko‘tarib tashladi... Kimdir yerga, kimdir osmonga tushdi. Tug‘ilganimizdan beri oshkor bulmagan mehrimiz qalqib chiqdi. Muhabbatimiz sochilib ketdi. Biz ham yaxshi ko‘rishni bilarkanmiz! Biz ham mehr-okibatli ekanmiz. Bir-birimizdan ehtiyot bo‘lishimizni so‘rayapmiz. Bir-birimizdan kasal bo‘lmasligimizni iltimos qilyapmiz!
– Ertangi dunyoni qanday tasavvur qilasiz?
– Endi oyoqlari chiqib, yurishni o‘rganayotgan bola kabi tasavvur qilaman kasallikdan turgan dunyoni! Inshaalloh! Hamma unga mehribon, yiqilib tushmasligi uchun atrofidagilar girdikapalak... Hamma bir-biriga mehribon. Hayot nima ekanligini hamma bilgan, hamma oqibatni tanigan, bir-birini avaylagan va e’zozlagan dunyo bo‘lishi shubhasiz! Navqiron ammo, sochlari oqarib ketgan Dunyo bo‘ladi. Men unga oson tutmayman. Yo‘qotish unga ham qimmatga tushadi, u ham kechasi bilan yig‘lab chiqadi, men bunga shubha qilmayman!
Xullas,o‘zbek adabiyotini asarlarimiz orqali jahonga tanitishimiz kerak.
Suhbatni O‘zA muxbiri Jovli Xushboqov yozib oldi.