Xorijlik ekspert Jonatan Seyden ishtirokida o‘quv tashkil etildi
A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida “Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati” tadbirlarini tashkil etish uchun trener (mentor)larni tayyorlash bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarining navbatdagi bosqichi tashkil etildi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari, xorijlik ekspert Jonatan Seyden, A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti xodimlari va 300 nafardan ortiq trener-mentor ishtirok etdi.
Dastlab, ishtirokchilarga Jahon banki eksperti Jonatan Seyden guruhlarda faoliyat olib borish sifatini hamda bolalarning rivojlanishi va ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlovchi omillarni baholash haqida ma’lumot berdi. So‘ngra sho‘’balarda Davlat o‘quv dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan dastur asosida o‘quvlar boshlandi.
Jumladan, ishtirokchilar pedagoglarning metodik ko‘nikmalarini oshirish, innovatsion ta’lim uslublarini joriy etish, malaka va tajriba almashish, ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha keng ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldi. Muloqot jarayonida rivojlangan mamlakatlarda innovatsion ta’lim muhiti shakllanishi ta’lim muassasasi boshqaruviga ham innovatsion yondashuv tamoyillarini olib kirishni va joriy etishni taqozo etishi qayd etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA