Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xitoy elchixonasi Inson huquqlari uyiga 800 dona kitob sovg‘a qildi

Toshkent shahridagi Inson huquqlari uyida Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) Raisi Si Szinpinning o‘zbek tilida nashr etilgan “Davlat boshqaruvi to‘g‘risida”, "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to‘g‘risida", “Qashshoqlikdan xalos bo‘lish” nomli kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan XXRning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun ishtirok etdi.  

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda 2026 - 2030 yillarda aholining kitobxonlik darajasini tubdan oshirish maqsadida bir odam o‘qiydigan kitob sonini yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish vazifa etib belgilanganiga e’tibor qaratdi.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev e’tirof etganidek, “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”.

[gallery-27437]

O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 15 yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq barcha vazirlik va idoralarda “Kitob burchagi” tashkil etiladi. Xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” yo‘lga qo‘yiladi.  

Kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi joriy etiladi va tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.

Shu nuqtai nazardan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xorijiy va milliy hamkorlar bilan birgalikda inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifatni rivojlantirishga muntazam e’tibor qaratib kelayotgani diqqatga loyiq. Bugungi kunda yurtimizdagi yuzlab kutubxonalarda “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi tashkil etilgani hamda muntazam ravishda yangi kitoblar bilan to‘ldirib borilayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.  

O‘z navbatida, XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin qalamiga mansub kitoblarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Xitoy elchisi ushbu taqdimotni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Milliy markazga minnatdorlik bildirdi.  

Xitoy Elchixonasi tomonidan Inson huquqlari uyiga qariyb 800 dona adabiyot beg‘araz taqdim etildi.

Ushbu kitoblar orasida o‘zbek tilida ham nashr etilgan manbalarning ko‘pligi O‘zbekiston va Xitoy jamiyatlari o‘rtasida o‘zaro ilmiy ma’rifat almashish, davlatlararo muloqotni chuqurlashtirish, gumanitar hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi e’tirof etildi.

Inson huquqlari va Xitoy madaniyatiga oid kitoblar nafaqat Inson huquqlari uyi fondi, balki mamlakatimizdagi yetakchi axborot-kutubxona markazlari fondini boyitishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.  

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda viloyatlar axborot-kutubxona markazlarining 500 dan ortiq mas’ul xodimi, Davlat va huquq instituti, O‘zbekiston Notarial palatasi, ilmiy va akademik doiralar, ommaviy axborot vositalari vakillari, Milliy markaz xodimlari hamda doktorantlari oflayn va onlayn tarzda ishtirok etgan tadbir yakunida Xitoy elchixonasi sovg‘a qilgan kitoblardan  350 tasi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi uchun ajratildi. Bu haqda Milliy kutubxona mas’ullariga tegishli sertifikat topshirildi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA