Inson huquqlari uyida G‘ulom Mirzoning “Ey, Oy!” nomli saylanma va “O, Luna!” she’rlar kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ma’rifiy tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganining 30 yilligi va 27-fevral – Xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari kuniga bag‘ishlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, dastavval, O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 15-yanvarda qabul qilingan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mohiyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Ushbu huquqiy hujjatdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2026 - 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasini oshirishdan iborat ekani hamda yurtimizda 1 odam o‘qiydigan kitob sonini yiliga o‘rtacha o‘nta kitobga yetkazish vazifa etib belgilangani ta’kidlandi.

Qarorga muvofiq, barcha vazirlik va idoralarda “Kitob burchagi” tashkil etilib, xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” yo‘lga qo‘yilmoqda, chunki kitob mutolaasida gap ko‘p. Sharq va G‘arbda insoniyatni yuksak taraqqiyot sari boshlagan Renessanslarning barchasi kitob yozish va tarqatish, kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, turli tillardan turfa asarlarni tarjima qilish hamda o‘qish va o‘rganishdek qamrovdor ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga tayangan.
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida ta’lim, axborot tarqatish, huquqiy madaniyat va ma’rifatni yuksaltirish borasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari uyi muhim platforma vazifasini bajarmoqda. Xususan, 2025-yilda Inson huquqlari uyi tomonidan 2 ming 968 nusxa inson huquqlariga oid adabiyot kutubxonalar, turli idora va tashkilotlarga beg‘araz taqdim etildi. Turli mavzularda 30 tadan ortiq tadbir, jumladan, yangi kitoblar taqdimotlari o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimi – shoir, tarjimon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo qalamiga mansub “Ey, Oy!” va “O, Luna!” she’riy kitoblarining taqdimoti Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgani bejiz emas. Milliy markaz o‘zining qariyb 30 yillik faoliyati davomida davlat organlari va xalqaro tashkilotlar qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ham samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Kitoblar taqdimotining 27-fevral – Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuniga bag‘ishlanganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Dunyo bo‘ylab har yili keng nishonlanadigan ushbu sana sayyoramizdagi jamiyatlar manfaatlari yo‘lida faoliyat olib borayotgan barcha milliy, mintaqaviy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilgan.

Taqdimotda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi raisi Tal’at Murodov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Ey, Oy!” saylanma kitobining mas’ul muharriri, shoir Shodi Otamurod, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “O, Luna!” she’riy kitobining tarjimoni, shoir va tarjimon Rifat Gumerov so‘zga chiqdi. Yangi kitoblar yurtdoshlarimizning kitobxonlik, kitobsevarlik va kitobparvarlik fazilatlarini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Milliy markaz direktori A.Saidov Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga 40 ta va O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasiga 60 dan ortiq kitob hamda tegishli sertifikatlar topshirdi.
N.Abduraimova, O‘zA