2026-yil 15-yanvarda davlatimiz rahbarining “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unda mamlakatimizda kitob o‘qish madaniyatini keng targ‘ib qilish, yangi nashrlar va tarjimalarni yo‘lga qo‘yish hamda aholi orasida kitobga qiziqishni kuchaytirish, kutubxonalar va ta’lim dargohlarini kasbiy va sohaviy adabiyotlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Qarorda 2026-2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasi (bir odam o‘qiydigan kitob soni)ni yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish belgilandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi qarorda belgilangan vazifalarga hamohang tarzda kitobxonlikni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.
Markaz tomonidan Davlat va huquq institutida tashkil etilgan ma’rifiy tadbir ham shu maqsadga qaratildi. Unda Xitoyning mamlakatimizdagi elchixonasi Inson huquqlari uyiga beg‘araz taqdim etgan adabiyotlarning bir qismi Davlat va huquq institutiga topshirildi.
Institut fondiga, xususan, Xitoy yetakchisi Si Szinpinning asarlari, inson huquqlari sohasiga oid nashrlar, shuningdek, Xitoy madaniyati va adabiyotiga bag‘ishlangan jami 28 nomdagi 56 kitob hamda 6 elektron disk (e-book) taqdim etildi.

So‘zga chiqqanlar ayni ma’rifiy tadbir Prezidentimizning qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga hamohang ekanini ta’kidladi.
Mazkur adabiyotlar Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari, tadqiqotchilari hamda yosh olimlar uchun xalqaro tajribani chuqur o‘rganish, inson huquqlari sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni tahlil qilish hamda ilmiy izlanishlarni boyitishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov ushbu adabiyotlarning ilmiy-amaliy ahamiyati, inson huquqlari sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganish, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash borasidagi o‘rnini alohida qayd etdi. Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasiga va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga ushbu qimmatli adabiyotlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA