Xalqaro valyuta jamg‘armasi: O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal o‘smoqda, YAIM 8,7 foizga yetdi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Ijroiya kengashi O‘zbekiston bilan 2026-yilgi IV modda maslahatlashuvlarini yakunlab, mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga oid navbatdagi tahliliy hisobotini e’lon qildi.
Ushbu hujjatda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasidagi qadamlar yuqori baholanishi bilan bir qatorda, tizimli rivojlanish uchun muhim bo‘lgan bir qator strategik tavsiyalar ham ilgari surilgan.
Yana bir e’tiborli jihat - Jarg‘arma tomonidan O‘zbekistonning milliy valyuta siyosatiga berilgan baho bo‘ldi. Xalqaro ekspertlar 2025-yilning aprel oyidan buyon so‘m kursining moslashuvchanligi sezilarli darajada oshganini e’tirof etdi.
Buning natijasida Jamg‘arma O‘zbekistonning amaldagi (de facto) valyuta kursi rejimini "crawl-like" (boshqariluvchan) toifasidan "floating" (erkin suzuvchi) toifasiga qayta tasnifladi.
XVJ tahlilchilarining fikriga ko‘ra, valyuta kursining bozor qonuniyatlari asosida erkin shakllanishi (suzishi) quyidagi muhim afzalliklarni taqdim etadi. Milliy iqtisodiyotning tashqi salbiy ta’sirlar (global inqirozlar, xomashyo narxi tebranishi)ni yutish va ularga moslashish qobiliyati kuchayadi. Valyuta kursini sun’iy ushlab turish uchun markaziy zaxiralarni sarflash zarurati kamayadi va oltin-valyuta aktivlari asrab qolinadi.
Bozorda valyuta xavf-xatarlarini sug‘urtalash (xejirlash) amaliyoti va yangi derivativ vositalar rivojlanishiga turtki beriladi.
Markaziy bank tomonidan yuritilayotgan inflyatsion targetlash (maqsadli ko‘rsatkichga intilish) siyosatining samaradorligi yanada oshadi. O‘zbekiston iqtisodiyoti ichki talabning kuchliligi va investitsiyaviy faollik hisobiga yuqori o‘sish dinamikasini saqlab qolmoqda.
2025-yil yakunlariga ko‘ra mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich yillik hisobda 8,7 foizgacha tezlashdi.
Iqtisodiy faollik mehnat bozoriga ijobiy ta’sir etdi. Ishsizlik darajasi 4,6 foizgacha pasaydi. Aholi real daromadlarining ortishi va xorijdan pul o‘tkazmalarining barqarorligi natijasida kambag‘allik darajasi 2025-yil yakunida 5,8 foizgacha pasaydi.
2024-yildagi energiya resurslari tariflarini erkinlashtirish ortidan kuzatilgan qisqa muddatli narx o‘sishidan so‘ng, qat’iy pul-kredit siyosati tufayli inflyatsiya 2026-yilning aprelida 7,0 foizgacha pasaydi. XVJ ekspertlari inflyatsiya 2027-yil yakuniga borib Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga (targetiga) to‘liq yetishini prognoz qilmoqda.
Jahon bozorida oltin narxining yuqoriligi va iqtisodiy faollik davlat moliyasi holatini yaxshilashga xizmat qildi. 2025-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti YAIMga nisbatan 2,1 foizni tashkil etdi (bu belgilangan 3 foizlik chegaradan ancha past).
Qarz miqdori YAIMning 29 foizigacha kamaydi, bu esa mamlakat uchun qarz inqirozi xavfi juda past darajada ekanidan dalolat beradi.
Joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 3,9 foizgacha qisqardi. Eng muhimi, mamlakatning yalpi xalqaro zaxiralari 66 milliard AQSH dollaridan oshib ketdi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston uchun har qanday tashqi moliyaviy shoklarga qarshi ishonchli "xavfsizlik yostiqchasi" vazifasini o‘taydi.
Istiqboldagi o‘sish ko‘rsatkichlari borasida XVJ va O‘zbekiston hukumatining qarashlarida ijobiy ma’nodagi farq bor. XVJ bazaviy prognoziga ko‘ra, YAIM o‘sishi 2026-yilda 6,8 foiz va 2027-yilda 6,0 foiz atrofida bo‘lishi kutilyapti. Biroq, O‘zbekiston hukumati ichki potensial imkoniyatlar va boshlangan islohotlar samarasini yuqoriroq baholab, 2026-yilda o‘sish sur’atlari 7,0–7,5 foiz atrofida bo‘lishiga ishonch bildirmoqda.
Ekspertlar global iqtisodiyotdagi noaniqliklar va Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinliklarni asosiy tashqi xavf sifatida ko‘rsatishmoqda. Ichki xavflar sirasiga esa byudjet xarajatlarini oshirishga bo‘lgan bosim, imtiyozli kreditlash dasturlarining hali ham saqlanib qolayotgani va ba’zi tarkibiy islohotlarning kechikish ehtimoli kiritilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA