Qora va rangli metall parchalari sohasida litsenziyalashning yangi tartibi joriy etildi
Qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilari bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solishda muhim huquqiy o‘zgarish amalga oshirildi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qarori bilan mazkur sohada litsenziyalashning yangi tartibi tasdiqlanib, yagona va shaffof mexanizm joriy etildi.
Mazkur qaror bilan qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish faoliyati bo‘yicha litsenziyalash pasportlari tasdiqlandi. Unda litsenziya olish uchun zarur hujjatlar ro‘yxati, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi, qaror qabul qilish muddatlari, shuningdek, litsenziya talablari va shartlari aniq belgilab qo‘yildi.
Hujjatga muvofiq, mazkur faoliyat turlarini litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ etib O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi belgilandi. Bu esa sohada davlat nazoratini yanada samarali tashkil etish, litsenziyalash jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yangi tartib tadbirkorlik sub’ektlari uchun litsenziya olish jarayonlarini aniq va tushunarli mexanizmlar asosida tashkil etish, davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirishga qaratilgan. Shu bilan birga, qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilari aylanmasini qonuniy asosda tartibga solish, noqonuniy faoliyatlarning oldini olish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga yo‘l ochadi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu qaror sohada zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, davlat va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda qora va rangli metall parchalari bozorining barqaror va shaffof rivojlanishini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA