O‘zbekiston va Yaponiya: strategik sheriklikning yangi sur’ati
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Yaponiya biznes forumi investitsiya, sanoat va texnologiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlandi. Tadbirda davlat idoralari, yirik kompaniyalar, banklar, moliya institutlari hamda biznes uyushmalari vakillari ishtirok etdi. Anjuman Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish vositasi sifatida baholandi.
Forumda asosiy e’tibor sarmoya jalb qilish va qo‘shma sanoat loyihalarini rivojlantirishga qaratildi. Tomonlar yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy yechimlarni joriy etish hamda ishlab chiqarish quvvatini oshirish masalalarini muhokama qildi. Mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay muhit yapon biznesi tomonidan yuqori baholandi. Bu omillar mavjud sheriklikni yanada mustahkamlash uchun muhim asos sifatida qayd etildi.

O‘zbekistonda yapon kapitali bilan faoliyat yuritayotgan 137 korxonaning 14 tasi vakolatxonasi mamlakatda rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich kun chiqar yurt sarmoyadorlarining respublikamiz bozoriga ishonchi oshib borayotganini ko‘rsatadi. Tadbirda sheriklikni yangi loyihalar hisobiga yanada kengaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalar ham izchil rivojlanmoqda. 2025-yil yakuniga ko‘ra, tovar ayirboshlash qiymati 375,3 million dollarni tashkil etdi. Ishtirokchilar mavjud salohiyat yanada yuqori ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda mahsulot turlarini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Tadbir doirasida energetika, geologiya, transport, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi istiqbolli loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, texnologiyani mahalliylashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va qo‘shma ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Yapon kompaniyalarining muhandislik, raqamli yechim va korporativ boshqaruv bo‘yicha ilg‘or tajribasidan samarali foydalanish imkoniyati ham muhokama qilindi. Ayni yo‘nalishlar sanoat hamkorligining kelgusi istiqbolini belgilab berishi ta’kidlandi.

Biznes-forum yakunida tomonlar amaliy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga kelishib oldi. Yangi sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqish, moliyaviy sheriklikni mustahkamlash va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha B2B hamda G2B uchrashuvlari o‘tkazildi. Mutaxassislar mazkur muloqotlar yaqin yillarda yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘lishini ta’kidladi. Bu esa O‘zbekiston va Yaponiya iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA