Xalq, Vatan qayğusida yozilgan maktub (+video)
Davlat rahbarining xorijiy safarlari hamişa katta siyosiy bilim bilan birga jismoniy kuç ham talab etadi. Lekin Prezident nabirasining “Nega siz doim uzoq safarlarga ketasiz?”, degan savolini javobsiz qoldira olmadi. Har qança bandligiga qaramay unga samolyotdan maktub yölladi. Maktub keng jamoatçilik tomonidan muhokama qilinmoqda.
Bugun biz şu haqidagi fikrlarini bildirişi uçun studiyamizga Farğona davlat universitetining rektori, professor Bahodir Şermuhammadovni taklif etdik.
– Xuş kelibsiz. Prezident nabirasiga yozilgan maktub sizda qanday taassurot qoldirdi?
– Prezident Şavkat Mirziyoyevning Iordaniya davlatiga amalga oşirgan safari davomida nabirasi Şavkatbekka yöllagan samimiy maktubini öqib, unda oddiy bir bobo va nabira örtasidagi mehr-muhabbat ifodasidan ança keng, teran va ulkan mazmun mujassam ekanini his etiş mumkin. Bu maktub davlat rahbarining qalb keçinmalari, hayotiy eʼtiqodi, xalq oldidagi masʼuliyati va kelajak avlod taqdiri haqidagi muşohadalarining öziga xos ifodasidir.
Maktubning eng taʼsirçan jihati şundaki, unda bir bolaning sodda savoli – “Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?” degan murojaat butun bir xalq, millat va davlat kelajagi bilan boğliq katta hayotiy haqiqatni oçib beradi. Prezident bu savolga şunçaki safarlarning sababini izohlaş bilan çeklanmaydi. Aksinça, öz zimmasidagi masʼuliyatning asl mohiyatini, davlat rahbari böliş qanday ulkan burç va fidoyilikni talab etişini tuşuntiradi.
Darhaqiqat, davlat rahbarining faoliyati faqat rasmiy uçraşuvlar, davlat taşriflari yoki siyosiy muzokaralardan iborat emas. Uning har bir qarori, har bir taşabbusi, xalqaro maydondagi har bir uçraşuvi ortida millionlab insonlarning buguni va ertangi kuni, oilalarning farovonligi, yoşlarning taʼlim olişi, mamlakatning tinçligi va taraqqiyoti bilan boğliq masʼuliyat turadi. Maktubdagi “Men nafaqat sening, balki senga öxşagan millionlab Özbekiston farzandlarining kelajagi haqida ham öylaşim, qayğurişim kerak” degan fikr aynan şu masʼuliyatning mohiyatini mujassam etgan.
Menimça, uşbu maktubning eng muhim ğoyasi davlat rahbarining öz xalqidan, uning dardu taşvişlaridan, orzu-intilişlaridan heç qaçon ajralmasligi, aksinça, butun faoliyatini xalq manfaatlariga xizmat qilişga bağişlaşi zarurligidir. Çunki haqiqiy rahbarlik, avvalo, mansab yoki vakolat bilan emas, balki zimmasidagi masʼuliyatni qay darajada çuqur his etişi, xalqining taqdiriga qançalik daxldor ekanligi bilan belgilanadi.
Prezident maktubida özining bolalik xotiralariga murojaat qilişi ham bejiz emas. Men şu xalq farzandi va pedagog sifatida uşbu maktubdagi eng teran va taʼsirçan jihatlardan birini aynan taʼlim va inson qadri bilan boğliq holda köraman. Bir paytlar umrining, taʼlim davrining yarmi paxta dalalarida ötgan öquvçi yoki talabaning bugun yana maktab partasi, universitet auditoriyasiga qaytişi şunçaki bir ijtimoiy özgariş emas, balki inson taqdiriga munosabatning tubdan özgarganini anglatadigan tarixiy hodisadir. Çunki paxta dalasida bolalik yillarini mehnat bilan ötkazişga majbur bölgan avlod bilan bugun ilm maskanlarida bilim olayotgan, zamonaviy kasblarni egallaşga intilayotgan yoş avlodning hayot yöli örtasida butun bir davrning tafovuti mujassam.
Eng muhimi, bu özgariş faqat öquvçining taqdirida emas, ustozning hayotida ham namoyon böladi: u endi dalada emas, sinfxonada, auditoriyada turib, öz bilim va tajribasini yoş avlodga bağişlaydi, isteʼdodlarni kaşf etadi, kelajak bunyodkorlarini tarbiyalaydi. Menimça, Yangi Özbekiston islohotlarining asl mezonini ham aynan şu manzarada köriş mumkin: keçagi maşaqqatli mehnat örnini bugun ilm egallayotgani, majburiyat örnini imkoniyat, ehtiyoj örnini intiliş, daladagi mehnat örnini auditoriyadagi tafakkur band etayotgani inson qadri amalda uluğlanayotganining muhim ifodasidir. Zero, bir bolaning qölidan ketmonni olib, unga kitob tutqaziş faqat uning bugunini emas, butun bir millatning ertangi kunini özgartiriş demakdir. Bugun öşa bolalarning ayrimlari olim, professor, muhandis, şifokor, davlat va jamiyat arboblariga aylangan bölsa, bu hayotiy haqiqatning öziyoq taʼlimga berilgan eʼtibor qanday ulkan ijtimoiy samara keltirişini körsatadi. Şu bois, Prezident maktubidagi bolalarni paxta dalalaridan maktabga qaytariş haqidagi xotiralar men uçun ötmişni eslaşdan köra köproq maʼnoga ega: bu inson bolaligi, uning ilm oliş huquqi, orzu qiliş erkinligi va kelajagini özi quriş imkoniyati davlat siyosatining markaziga qöyilganini anglatadigan hayotiy xulosadir. Çunki yurtning eng katta boyligi maktab va universitet auditoriyalarida voyaga yetayotgan bilimli, tafakkurli, Vatan taqdiriga daxldor avloddir.
Maktubning yana bir eʼtiborli jihati, unda Özbekistonning har bir farzandiga birdek qaratilgan mehr va işonç tuyğusidir. Prezident öz nabirasiga murojaat qilayotgan bölsa-da, uning fikrlari millionlab özbek bolalari, barça millat va elat vakillarining farzandlari uçun ham birdek ahamiyatga ega. Ayniqsa, “Mening öz fikrlarim yurtimizdagi har bir bobo va ota, har bir buvi va onaning öz aziz dilbandlariga atagan yurak sözlaridir” degan jumlalar maktubning umumxalq miqyosidagi mazmunini yanada teranlaştiradi.
Bu örinda davlat rahbarining xalq oldidagi masʼuliyati faqat yoş avlod bilan çeklanmasligini ham anglaş lozim. Zero, har bir bolaning ortida oila, ota-ona, uning baxtli kelajagini orzu qilayotgan yaqinlari bor. Har bir oilaning tinçligi, farovonligi, ijtimoiy himoyasi, har bir fuqaroning munosib hayot keçirişi esa mamlakat taraqqiyotining eng muhim körsatkiçidir. Davlatning qudrati ham, avvalo, unda yaşayotgan insonlarning hayot sifati, ertangi kunga işonçi va öz yurtidan roziligida namoyon böladi.
Prezidentning xorijiy safarlarga çiqişi, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirişi, yangi şeriklik munosabatlarini yölga qöyişi ham aynan şu maqsadlarga xizmat qiladi. Bunday taşriflarning mazmun-mohiyati şundaki, mamlakatimizning xalqaro nufuzi va iqtisodiy imkoniyatlarini mustahkamlaş orqali yurtimizda yangi iş örinlari yaratiş, investitsiyalarni jalb etiş, zamonaviy texnologiyalarni olib kiriş, taʼlim va ilm-fan rivojiga yangi imkoniyatlar oçiş közda tutiladi. Demak, uzoq safarlar ortida ham xalqimizning buguni va kelajagi, uning tinçligi va farovonligi haqidagi ezgu niyatlar mujassam.
Maktubdagi xalqning tinçligi uçun davlat rahbarining bedorligi haqidagi fikrlar ham alohida eʼtiborga molik. “Xalqim tunda osuda uxlaşi uçun ham men har doim bedor bölmoğim kerak, axir!” degan jumla davlat boşqaruvining ortida qanday masʼuliyat, izlaniş va fidoyilik yotişini obrazli tarzda ifodalaydi. Bu rahbarlikni şunçaki lavozim emas, balki xalq oldidagi ulkan maʼnaviy burç sifatida anglaşdir.
Oliy taʼlim sohasi vakili sifatida maktubdagi ilm-maʼrifat, yoşlarning intellektual salohiyati, zamonaviy texnologiyalar va sunʼiy intellektdan oqilona foydalaniş haqidagi mulohazalarni ham alohida qayd etişni istardim. Bugungi globallaşuv va raqamli taraqqiyot davrida mamlakatning ertangi kuni, eng avvalo, bilimli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy kasb va könikmalarni egallagan yoşlar qölida. Şu bois taʼlim tizimining barça böğinlarida yoşlarning salohiyatini röyobga çiqariş, ularga zamonaviy bilim beriş, ilmiy izlanişlarga keng yöl oçiş davlat siyosatining ustuvor yönalişlaridan biri bölib qolmoqda.
Ayniqsa, Prezidentning yoşlarni buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Uluğbek, Alişer Navoiy, Mahmudxöja Behbudiy kabi uluğ zotlarning munosib vorislari bölişga daʼvat etişi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bu daʼvat faqat tarixiy meros bilan faxrlanişga emas, balki ana şu merosga munosib böliş, ilm-fan va tafakkur orqali Vatan taraqqiyotiga hissa qöşişga undaydi.
Maktubdagi vaqt qadri, mehnatsevarlik, sabr-toqat, intizom, insoniylik va vatanparvarlik haqidagi nasihatlar esa yoş avlod tarbiyasining muhim mezonlarini belgilab beradi. Ayniqsa, zamonaviy gadjetlar va sunʼiy intellektdan samarali foydalaniş, biroq ularga qaram bölib qolmaslik haqidagi fikrlar bugungi avlod uçun nihoyatda dolzarb. Çunki texnologiyalar insonning bilimini boyitişi, tafakkurini kengaytirişi va imkoniyatlarini oşirişi kerak, uning mustaqil fikrlaşi va izlanişlariga tösiq bölmasligi lozim.
Maktubning yakuniy qismida Vatanga muhabbat, davlat ramzlariga hurmat, milliy ğurur va fuqarolik masʼuliyati masalalariga alohida urğu berilgani ham bejiz emas. Zero, mamlakat ravnaqi faqat davlat rahbari yoki hukumatning saʼy-harakatlari bilan emas, balki har bir fuqaroning öz işiga masʼuliyat bilan yondaşişi, jamiyat hayotiga daxldorlik hissi va Vatan oldidagi burçini anglab yaşaşi bilan taʼminlanadi.
Mening nazarimda, uşbu maktubni öqib, bir muhim xulosaga keliş mumkin: xalqparvarlik – bu şunçaki çiroyli şior yoki siyosiy tuşunça emas. U har bir insonning hayotiga befarq bölmaslik, oilalar taşvişini his etiş, bolalarning kelajagi uçun qayğuriş, yoşlarning orzu va maqsadlariga imkoniyat yaratiş, keksalarning duosini oliş, jamiyatdagi har bir qatlam manfaatlarini eʼtiborda tutiş demakdir.
Davlat rahbarining xalq bilan hamnafas bölişi, uning dardu taşvişlarini öz dardidek qabul qilişi, har bir fuqaroning tinç va farovon hayot keçirişi uçun intilişi – jamiyatda işonç va birdamlikni mustahkamlaydigan eng muhim omillardandir. Çunki xalqning roziligi, odamlarning ertangi kunga işonçi, farzandlarining kelajagiga umid bilan qaraşi har qanday islohotning eng oliy natijasidir.
Şu maʼnoda, Prezident Şavkat Mirziyoyevning nabirasiga yöllagan maktubi şunçaki oilaviy maktub emas. U davlat rahbarining xalq oldidagi burçi, Vatan taqdiri uçun masʼuliyati, inson qadri va kelajak avlod manfaatlarini uluğlaşga qaratilgan hayotiy qaraşlarining samimiy ifodasidir. Unda bir boboning nabirasiga aytgan mehrli sözlari orqali butun bir millatga qaratilgan ezgu tilaklar, ota-onalarga murojaat, yoşlarga nasihat va jamiyatga muhim maʼnaviy saboq mujassam.
Men bu maktubni öqib, yana bir bor amin böldimki, Vatanga xizmat qiliş bu, eng avvalo, uning har bir fuqarosi taqdiri uçun qayğuriş, xalqning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini öylaşdir. Zero, davlatning eng katta boyligi xalqi, eng uluğ maqsadi esa şu xalqning tinçligi, farovonligi va baxtli kelajagidir.
– Özbekiston Prezidenti Şavkat Mirziyoyevning nabirasiga maktubi oddiy voqelik emas. Davlat rahbari har bir, u kattami, kiçikmi fuqaroga, uning hayoti, baxti, kelajagi uçun şaxsiy masʼuliyat öz zimmasida ekanligini yana bir bor dunyoga namoyiş etdi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video),
ÖzA muxbirlari