Vazir Surxondaryo ta’lim tizimi ahvolini o‘rgandi
FOTOREPORTAJ
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Surxondaryo viloyatidagi ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Termiz davlat pedagogika institutida talabalar ishtirokida “Vazir va talaba-yoshlar” muloqoti tashkil etilib, unda yoshlarga oid masalalar, taklif va tashabbuslar yuzasidan ochiq fikr almashildi.
Tashrif davomida E.Karimova Oltinsoy va Denov tumanlarida bo‘ldi. Vazir Oltinsoy tumanidagi 48-sonli maktabda bo‘lib, dars jarayonlari hamda sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Mazkur ta’lim muassasasi surxondaryolik tadbirkor Jamshid Pardayev tomonidan beg‘araz tarzda yangidan qurib berilgan bo‘lib, 630 o‘rinli zamonaviy bino sifatida foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, Oltinsoy tumanidagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot o‘tkazilib, ta’lim sohasidagi yangiliklar, islohotlar va tashabbuslar muhokama qilindi.
[gallery-25932]
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Denov tumanidagi 27-umumta’lim maktabida ham bo‘lib, mavjud holatni o‘rgandi. Ayni paytda ta’mirtalab holatga kelgan mazkur maktabni yangi o‘quv yiliga qadar ta’mirlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi. Denov tumanida esa E’zoza Karimova boshchiligida tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazilib, unda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, shuningdek tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’lim muassasalaridagi qurilish-ta’mirlash ishlari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, o‘quvchilarni maktabga tashish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Denov tumanidagi 82-maktab, Sariosiyo tumanidagi 12-, 24-, 58-maktablar hamda 23-MTT faoliyati o‘rganilib, u yerda aniqlangan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
O‘zA fotomuxbiri
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar