Vatan yagonadir, Vatan bittadir
Surxondaryo viloyatida ko‘klam nashidasidan qalblar o‘zgacha zavq, ko‘ngillar orom olayotgan shu kunlarda mahallalarda bo‘lib o‘tayotgan shodiyonalar qatnashchilarning ko‘p millatli Vatanimizdan faxrlanish tuyg‘usini yanada oshirmoqda.
Bugun janubdagi vohaning 30 ga yaqin mahallasida bo‘lib o‘tgan Navro‘z umumxalq bayramida ham barcha millat va elat vakillari kindik qoni tomgan tinch, to‘kin O‘zbekistonni ulug‘ladi. Jumladan, tog‘li Boysun tumanidagi Ko‘chkak mahallasida tashkil etilgan shodiyona “Millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik” shiori ostida o‘tkazildi. Sariosiyo tumanidagi tog‘lar qo‘ynida joylashgan Xonjiza mahallasi ahli esa bayramni “Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt” shiori bilan nishonladi.


Maftunkor bahor nafasi endi esa boshlagan har ikkala mahalla shodiyonasida ham o‘zbek va tojik millati vakillari milliy urf-odat va an’analarini, ahillik va qardoshlik rishtalarini, tog‘li go‘shalaridagi tinch, obod va to‘kin hayotni baralla tarannum etdi. Yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, keksalarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan qiziqarli tadbirlar, milliy hunarmandlik namunalari, qadimiy buyumlar va milliy taomlar ko‘rgazmalari, qiziqarli xalq o‘yinlari hamda sport bellashuvlari tashkil etildi.

Viloyatda ahillik va bahamjihatlikda o‘tkazilayotgan sharqona Yangi yil bayrami tadbirlari mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun O‘zbekiston yagona Vatan ekanini keng namoyon etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri