Urgutlik ayol ustozlar keyingi bosqichda
Samarqand shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida umumta’lim, ixtisoslashtirilgan, Prezident va ijod maktablarida faoliyat yurituvchi ayol ustozlar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimalari o‘rtasida “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Xotin-qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilayotgan musobaqada tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 ta jamoa Respublika bosqichi yo‘llanmasi uchun o‘zaro bellashdi.
Murosasiz o‘tgan bellashuvlar yakunida Urgut tumanidagi 63-umumta’lim maktabi jamoasi birinchi o‘rinni egallab, Respublika bosqichi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Samarqand shahridagi 81-umumta’lim maktabi jamoasi ikkinchi, Jomboy tumanidagi 15-umumta’lim maktabi o‘qituvchilari esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Bunday musobaqalar xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan birga o‘zaro hamjihatlikni oshirishga xizmat qiladi, – deydi Samarqand shahridagi 81-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Sarvinoz Amriddinova. – Maktabimiz misolida olib qaraydigan bo‘lsak, yurtimizda sportni ommalashtirishga qaratilgan islohotlar natijasida ko‘plab musobaqalar o‘tkazilmoqda. Bundan oldin O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ishchi-xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida ham muvaffaqiyatli qatnashgan edik. “Vazir kubogi”da shahar bosqichida munosib qatnashib, viloyat bosqichiga chiqqan edik. Finalga qadar muvaffaqiyat bilan ishtirok etdik. Faqatgina final bahsida urgutlik hamkasblarimizga yutqazib, ikkinchi o‘rinni egalladik.
[gallery-29598]
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA