“Orol dengiziga poyezd” aksiyasi tadbirlari davom etmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Orol dengiziga poyezd” yoshlar ekologik aksiyasi va “Biz Orol bilan birgamiz” eko marafoni doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy va ekologik tadbirlar tashkil etilmoqda.
Unda respublikamizning turli hududlaridan kelgan oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari bilan bir qatorda qoraqalpog‘istonlik yoshlar ham faol ishtirok etmoqda.
Tashrif doirasida mehmonlar I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida bo‘ldi. Sayohat davomida ishtirokchilar noyob san’at asarlari, milliy madaniy meros namunalari hamda xalqimizning boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishishdi.
Mehmonlarga muzey fondidagi noyob kolleksiyalar, avangard san’ati namunalarining jahon miqyosidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Ushbu uchrashuv va madaniy sayohat yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni targ‘ib qilish, milliy qadriyatlar va madaniy merosga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ekologik aksiyasi va eko marafoni doirasida ishtirokchilar uchun Amudaryo tumanidagi Chilpiq qo‘rg‘oniga ham sayohat tashkil etildi. Tadbir davomida yoshlar qadimiy tarixiy obidaning boy tarixi, madaniy ahamiyati va o‘ziga xos me’moriy tuzilishi bilan yaqindan tanishdi. Tadbir ishtirokchilarining milliy merosimizga hurmat va e’tiborini yanada oshirishga xizmat qildi.
Shuningdek, yosh iste’dod egalari o‘rtasida “Yosh rassomlar” tanlovi ham o‘tkazildi. Tanlov davomida ishtirokchilar Orolbo‘yi tabiati, ekologik muammolar va tarixiy joylarning manzaralarini tasviriy san’at orqali aks ettirdi. Yosh rassomlarning ijodiy ishlari tadbir ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Ushbu tadbir yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni targ‘ib qilish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va bunyodkorlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-29602]
Ekologik aksiyaning navbatdagi kunida ishtirokchilar Chimboy tumanida bo‘lib, Prezidentimiz qarori asosida yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlarida ko‘chat ekish ishlarida qatnashdi. Shundan so‘ng, talabalar Chimboy tumanidagi “Qora uy” qurish ustaxonasida bo‘ldi. U yerda qoraqalpoq xalqining milliy uylarini tayyorlash jarayoni, foydalaniladigan an’anaviy uskunalar va qadimiy hunarmandchilik sirlari bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu tadbir yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, milliy qadriyat va an’analarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.