Avval xabar berganimizdek, 17-18 aprel kunlari Toshkent shahrida “Vakillik hokimiyati organlari tizimini modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy muammolari: O‘zbekiston uchun xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis deputatlari, senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, vazirlik va idoralar, tahliliy markazlar vakillari hamda 10 dan ortiq mamlakat ekspertlari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Anjuman davomida yangilangan Konstitutsiya sharoitida parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish, qonunchilik faoliyati, parlament nazorati, vakillik va ijro hokimiyati organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari keng muhokama qilindi. Bu borada xorijiy davlatlarning tajribasiga oid ma’lumotlar, olimlar va ekspertlarning chiqishlari tinglandi.
– Konferensiya O‘zbekiston va boshqa davlatlarda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar bilan tanishish uchun juda foydali maydon bo‘ldi, – deydi anjuman ishtirokchisi, Buyuk Britaniyadagi xalqaro yuridik firma hamkori Mark Hammerson. – Menimcha, ushbu xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish hammamiz shu jumladan, O‘zbekiston uchun ham nihoyatda foydali amaliyotdir. Shunga o‘xshash tadbirlar fikr almashish uchun samarali vosita bo‘lib, bu almashinuv qonunchilikni takomillashtirish yo‘lida, albatta, o‘z samarasini beradi. Konferensiyada ko‘tarilgan qator masalalardan biz o‘zimiz uchun muhim xulosalar chiqarishimiz mumkin. Demokratiya tizimi doimiy muloqotni talab qiladi. Bu esa odamlar siyosiy qarashlaridan qat’iy nazar, muayyan masalalarda kelishuvga, murosaga erishishi uchun zarurdir. Demokratiya, eng avvalo, insonlarning unga ishonishini talab qiladi. Odamlar vakillik organlarida, shu jumladan joylardagi vakillik organlarida faol ishtirok etishi lozim. Faqat shunda ular demokratik jarayonlarda bevosita ishtirok etayotganini his qiladilar. Bu borada O‘zbekistonda shakllangan tajribalar e’tiborga molikdir.
Ikki kunlik anjuman yakunida ekspertlar, parlamentariylar, ilmiy tadqiqotchilarning fikr-mulohaza va takliflari asosida parlament va hokimiyatning vakillik organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WVBZCqgvVOc" title="“Kelajakka qadam” markazining universitetdagi filiali foydalanishga topshirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Anvar Ahmedov (video), O‘zA