Urganchda xalqaro ilmiy anjuman
Urganch davlat pedagogika institutida “Innovatsion pedagogika: tabiiy va aniq fanlarni o‘qitishda global tajriba va mahalliy yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston olimlari bilan bir qatorda Rossiya, Eron, Hindiston va Malayziyadan 20 dan ortiq xorijiy olimlar ishtirok etdi.
Konferensiyani institut rektori vazifasini bajaruvchisi, professor Diyorjon Abdullayev hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining Markaziy Rossiya boshqaruv instituti direktori o‘rinbosari, professor Viktor Livtsov kirish so‘zlari bilan ochdi hamda konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Xalqaro ilmiy anjuman davomida tabiiy va aniq fanlarni o‘qitishda innovatsion pedagogik yondashuvlar masalasi muhokama etildi. Shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalar hamda mahalliy yechimlar yuzasidan ilmiy materiallar almashildi.
– Urganch pedagogika institutida muhokama qilinayotgan innovatsion pedagogika mavzusi nihoyatda dolzarb bo‘lib, zamonaviy bolalar raqamli texnologiyalar muhitida ulg‘aymoqda, – deydi pedagogika fanlari doktori, Volgabo‘yi davlat jismoniy tarbiya, sport va turizm akademiyasi professori Firuza Zotova (Rossiya). – Ular turli gadjetlarda ishlar orqali juda erta yoshdan katta hajmdagi ma’lumotlarni o‘zlashtirishadi. Shuning uchun pedagog har doim ulardan bir qadam oldinda bo‘lishi, yangi bilim va texnologiyalarni muntazam o‘rganib borishi lozim. O‘qituvchi nafaqat o‘z fanini chuqur bilishi, balki raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan hamda samarali foydalana olishi kerak. Bu zamon talabi va har bir pedagog uchun muhim vazifalardir. Shu bois o‘qituvchilarning malakasini muntazam oshirish, yangi metodikalar va darsliklarni doimiy ravishda yangilab borish zarur. Biz hamkorlikni faol davom ettirmoqdamiz. O‘tgan yili shu oliy o‘quv yurti olimlari bilan hamkorlikda ilmiy maqola chop etdik. Loyihamiz Rossiya va O‘zbekistonning turli hududlaridagi o‘quvchilarning jismoniy rivojlanishi va salomatligini qiyosiy o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lib, bu hamkorlik kelgusida ham davom etadi.
[gallery-31978]
Konferensiya davomida tinglagan ma’ruzalarda asosan ta’lim jarayonida sun’iy intellektni qo‘llash, zamonaviy qo‘llanmalarni yaratish, fizika sohasidagi ilg‘or ishlanmalar va aloqalarni amaliyotga tatbiq etishga bag‘ishlangan masalalar muhokama etildi. So‘zga chiqqan olimlar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlari bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.
– Mening ma’ruzam sun’iy intellekt davrida ta’lim kelajagi va maktablarda qanday yangi ta’lim tizimini shakllantirish lozimligiga bag‘ishlandi, – deydi Al-Xorazmiy universiteti professori Hamed Farbeh (Eron). – Asosiy g‘oya shundan iboratki, bizning vazifamiz o‘quvchilarga faqat sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rgatish emas, balki ularni o‘zlarining intellektual tizimlarini yarata oladigan darajaga yetkazishdir. Kelajakda sun’iy intellekt faqat yirik ma’lumotlar markazlarida emas, balki atrofimizdagi turli qurilmalar va ob’ektlarda ham qo‘llaniladi. Shuning uchun o‘quvchilar dasturiy ta’minot, apparat vositalari va boshqa fanlarni o‘zlashtirgan holda o‘zining o‘qitish modellari hamda intellektual tizimlarini yarata olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak. Bu ularning bilim va salohiyatini oshirib, kelajagini mustaqil barpo etishga xizmat qiladi. Asosiy maqsadimiz xalqaro darajadagi ta’lim va ilmiy hamkorlik markazini shakllantirishdir.
Anjuman davomida barcha davlatlarning oliy ta’lim muassasaslari o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda xalqaro aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.
Konferensiyada Urganch pedagogika instituti hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining Markaziy Rossiya boshqaruv instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Xalqaro anjumandan so‘ng, talabalar uchun rossiyalik professorlar ishtirokida seminar-trening o‘tkazildi. Xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi mashg‘ulotlar talabalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ilmiy dunyoqarashini kengaytirish hamda xalqaro ilmiy-pedagogik tajriba bilan yaqindan tanishish, nazariy bilimlarini amaliy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari