Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha o‘zbek tilida ilk darslik yaratildi
Toshkentdagi “Green University”da suv resurslaridan samarali va barqaror foydalanish masalalariga bag‘ishlangan “Suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish” nomli yangi darslik taqdimoti o‘tkazildi.
Soha mutasaddilari, xorijiy tashkilotlar vakillari, olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etgan tadbirda darslikning suv resurslarini boshqarish bo‘yicha zamonaviy bilimlarni ta’lim jarayoniga joriy etish va malakali mutaxassislar tayyorlashdagi ahamiyati ta’kidlandi.
Ma’lum qilinganidek, mazkur kitob O‘zbekistonda suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish bo‘yicha o‘zbek tilida tayyorlangan ilk darslik hisoblanadi. U oliy ta’lim muassasalarining 19 ta mutaxassisligi bo‘yicha magistrantlar uchun tavsiya etilgan. Kelgusida kitobning rus va ingliz tillaridagi versiyalarini tayyorlash rejalashtirilgan.

Sh.Murodov, A.Abduhakimov va U.To‘rayev tomonidan tayyorlangan darslikda suv resurslarini boshqarishning zamonaviy usullari, xalqaro tajriba va O‘zbekistondagi amaliyot jamlangan.
– Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi kuchayib borayotgan sharoitda sohada ixtisoslashtirilgan o‘quv adabiyotlariga ehtiyoj ortib bormoqda. Mazkur darslikda suv resurslarini barqaror boshqarishning nazariy asoslari, zamonaviy amaliy yondashuvlar, SRIB tamoyillari, havzaviy rejalashtirish, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, suv qonunchiligi hamda O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va jahon tajribasi qamrab olingan, – dedi kitob muallifi, professor Shuhrat Murodov.
Nashr O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nashrga tavsiya etilgan. Darslik Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands” loyihasining moliyaviy ko‘magida chop etildi.

Joriy yil boshidan buyon loyiha doirasida suv resurslari va yerdan foydalanish yo‘nalishlarida 17 ta ixtisoslashtirilgan trening tashkil etilib, ularda mamlakatning turli hududlaridan 700 ga yaqin mutaxassis ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarda gidrometriya, sug‘orish rejimlarini boshqarish, SRIB, yer resurslarini rejalashtirish va yaylovlardan barqaror foydalanish kabi masalalar qamrab olindi.
– Suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarishda nafaqat texnologiyalar va infratuzilma, balki har kuni suv bilan ishlaydigan insonlar omili ham muhim. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida ayollar suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini ko‘proq his qilmoqda. Shuning uchun ularning kasbiy rivojlanishi, ta’lim olishi va suv resurslarini boshqarishda ishtirok etishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarur, – dedi professor Malika Ikromova.
Tadbir yakunida qayd etilganidek, yangi darslik loyiha doirasida mutaxassislarni o‘qitish va zamonaviy o‘quv adabiyotlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalaridan biri bo‘lib, sohada zamonaviy bilimlarni tizimlashtirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA