Pedagogika yo‘nalishidagi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ayrim davlat oliy ta’lim ta’lim muassasalarining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, oliy ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ta’minlash, boshqaruvni samarali tashkil etish, “Yangi O‘zbekiston" universiteti hamda pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining innovatsion va ilmiy-tadqiqot salohiyatidan to‘laqonli foydalanish hamda ularning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida:
a) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari – Andijon davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Guliston davlat pedagogika instituti, Jizzax davlat pedagogika universiteti, Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti, Namangan davlat pedagogika instituti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, Samarqand davlat pedagogika instituti, Termiz davlat pedagogika instituti, Toshkent shahridagi Puchon universiteti, Urganch davlat pedagogika instituti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Shahrisabz davlat pedagogika instituti, "Yangi O‘zbekiston" universiteti, Al-Xorazmiy universiteti, Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chettillari instituti Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga o‘tkaziladi;
b) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida vazirning pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimi tugatiladi;
v) O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti deb qayta nomlanadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi quyidagi vazifalari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga o‘tadi:
a) yagona konseptual yondashuv asosida oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash siyosatini yuritish;
b) pedagogik ta’lim sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
v) pedagogik ta’limning uzviyligi va uzluksizligini, ta’lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari joriy etilishini ta’minlash;
g) pedagogika sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish;
d) pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarining boshqaruv tizimini takomillashtirib borish.
O‘zA