XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab global miqyosda xalqaro tashkilotlarning madaniyat, ta’lim, fan va axborot sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan faoliyati ko‘lami kengaydi. Bu jarayonda BMT tarkibidagi YUNESKO muhim o‘rin tutadi. Ushbu tuzilmaning asosiy maqsadi – insoniyatning ma’naviy va madaniy merosini asrab-avaylash, ta’lim, ilm-fan taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash orqali barqaror tinchlikni ta’minlashga hissa qo‘shish.
O‘zbekiston YUNESKOga 1993 yil 26 oktyabrdan a’zo. 1996 yildan buyon Toshkent shahrida mazkur tashkilot vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizdagi boy tarixiy va madaniy meros ob’ektlarini asrash, qayta tiklash va jahon hamjamiyatiga tanitish borasida YUNESKO bilan hamkorlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Madaniy muloqot, o‘zaro anglashuvga asoslangan sheriklikni kuchaytirish maqsadida joriy yil 30 oktyabr-13 noyabr kunlari YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ilk bor O‘zbekistonda – madaniyatlar chorrahasi, sivilizatsiyalar beshigi hisoblanmish Samarqand shahrida o‘tkazilishi nafaqat Vatanimiz, balki butun mintaqa uchun muhim geosiyosiy va madaniy voqelikdir.
O‘zA muxbiri mazkur nufuzli anjuman oldidan tuzilma bilan hamkorlik, konferensiyaning xalqaro miqyosdagi ahamiyati va tadbirdan kutilayotgan natijalar xususida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Abbos Boboxonovdan intervyu oldi.

– Diyorimiz YUNESKO bilan turli yo‘nalishlarda samarali hamkorlik qilib keladi. Munosabatlarda xalqaro e’tirof alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonning samarali diplomatiyasi natijasida yurtimizdagi qadimiy madaniy unsurlar maxsus tarkibga kiritilmoqda.
Masalan, tuzilmaning Jahon merosi ro‘yxatiga O‘zbekistondan 7 manzil qo‘shilgan: Xivadagi Ichan qal’a majmuasi, Buxoro va Shahrisabz shaharlari tarixiy markazi, Samarqand — madaniyatlar chorrahasi, G‘arbiy Tyan-Shan Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon – Qoraqum yo‘lagi va Turon cho‘li.

YUNESKOning yana bir e’tirofi – Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxati orqali belgilanadi. Bu borada o‘zbek xalqi nomoddiy madaniy merosining 16 unsuri tan olingan. Shundan 11 tasi 2016 yildan keyingi davrga mansub.
Bular – Shoshmaqom, Boysun madaniyati, katta ashula, askiya zukkolik san’ati, palov, Navro‘z bayrami, Marg‘ilon hunarmandlikni rivojlantirish markazi, atlas va adras tayyorlash an’anaviy texnologiyasini saqlash, lazgi, miniatyura san’ati, baxshichilik, ipakchilik va an’anaviy ipak tayyorlash, Xo‘ja Nasriddin haqidagi an’anaviy hikoyalar, kulolchilik va naqqoshlik, iftorlik va ijtimoiy-madaniy an’analar hamda rubobni yasash va chalish.

Hamkorligimizning yana bir muhim yo‘nalishi – innovatsiya. 2019-20 yillari, ya’ni COVID-19 pandemiyasidan keyin mazkur sohadagi aloqalar jadal rivojlandi. Xususan, O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan YUNESKO bilan birga tayyorlangan ilmiy tadqiqot ishlari va innovatsiyalarni xaritalash hujjati tuzilmaning elektron kutubxona xalqaro platformasida saqlanmoqda. Bundan tashqari respublikamizning besh viloyati tanlab olinib, muayyan hududdagi universitet salohiyati o‘rganildi. Ilmiy innovatsion texnologiya sohasida tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.

Ma’lumki, 2023 yil noyabr oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi yakunida navbatdagi anjumanni 2025 yil Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qilingan. Ushbu tashabbusni tashkilotga a’zo barcha 194 davlat qo‘llab-quvvatlagan. Bu so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak bahodir. O‘zbekiston erishgan ulkan diplomatik yutuqning asosiy qimmati shundaki, YUNESKO so‘nggi 40 yil ichida ilk bor o‘z sessiyasini Fransiyadan boshqa davlat hududida o‘tkazilishini e’lon qildi.
Qayd etish kerak, mintaqamiz ming yillar davomida tarixiy Ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arbni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tagan va bugun ham madaniyatlararo tushunish, bilim almashish va global hamkorlikni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Shu ma’noda Samarqand YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi mezboni sifatida tanlanishi chuqur ramziy ma’noga ega.

Ushbu nufuzli yig‘in aynan Samarqandda o‘tkazilishi nafaqat O‘zbekistonning jahon madaniy-ma’rifiy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi e’tirofi, balki tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash muhimligini yana bir bor ta’kidlash uchun qulay imkoniyatdir. Qolaversa, anjuman xalqaro darajadagi madaniy almashinuv va barqaror rivojlanish istiqbolini muhokama qilish uchun o‘ziga xos maydon bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
O‘zA muxbiri O‘tkir Alimov yozib oldi.