Gruziyaning Batumi shahrida shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida davom etayotgan FIDE jahon kubogi 1/8 finalining kecha o‘tgan 2-partiyasida Umida Omonova qora donalarda dunyo reytingida 3-o‘rinni egallab turgan xitoylik Tingji Li ustidan g‘alaba qozonishi mumkin edi.

Mazkur uchrashuvda tajriba va yoshlik shijoati o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatdi. G‘oliblikka erishish yo‘lidagi kuchli xohish qiziqqon Omonovaning 1-partiyadagi singari yana noaniq yurishni amalga oshirishiga olib keldi.

35 va 39-yurish holatlaridan so‘ng ustunlik Tingji Li tomonga o‘tdi. Bu esa yakunda hamyurtimizni chorak finaldan mahrum etdi.
1,5-0,5 hisobida Omonovani dog‘da qoldirgan xitoylik shaxmatchi endi 19 iyul kuni boshlanadigan 1/4 final bosqichida gruziyalik Nana Dzagnidze bilan kurash olib boradi.

Aytish lozim, gruziyalik Dzagnidze 1/8 finalda ayollar o‘rtasida 15-jahon chempioni ukrainalik Mariya Muzichukni 1,5:0,5 hisobida yengdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Umida Omonovaning dunyoning eng kuchli shaxmatchi xotin-qizlari bilan FIDE jahon kubogining murosasiz bahslarida munosib o‘yin amalga oshirganini e’tirof etmoq lozim.

Shaxmatchimiz ushbu natijasi orqali xalqaro maydondagi mavqeini oshirish asnosida musobaqa nizomiga muvofiq 9 ming 500 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ga ham ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 676 ming 250 AQSH dollaridan iborat FIDE jahon kubogi o‘yinlari 28 iyulga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA